Vazirlar Mahkamasining tegishli (10.07.2024-yildagi 406-son) qarori bilan M.Auezov nomidagi Janubiy Qozogʻiston universitetining Chirchiq shahridagi filiali tashkil etiladi.
Qarorga muvofiq, filialda taʼlim jarayoni Oʻzbekiston Respublikasi davlat taʼlim standartlari talablari inobatga olingan, Universitet tomonidan tasdiqlanadigan oʻquv rejalari va fan dasturlariga muvofiq Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Filial kadrlarga boʻlgan ehtiyoj asosida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha kadrlar tayyorlash, shu jumladan, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash ishlarini amalga oshiradi.
Filialga abituriyentlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan oʻtkazish ishlari Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda, universitet tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi.
Bitiruvchilarga Oʻzbekistonda tan olinadigan universitetning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.
Filialga belgilangan tartibda litsenziya olingandan soʻng taʼlim faoliyati bilan shugʻullanishga ruxsat etiladi.
Shuningdek, mazkur oliygohda har yilgi qabul parametrlarining 5 foizdan kam boʻlmagan qismi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli va iqtidorli boʻlgan farzandlari orasidan tanlov asosida abituriyentlarni bepul (Filial granti asosida) oʻqishga qabul qilish uchun ajratiladi.