Farg‘onada maktabda hushidan ketgan o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari vafot etdi

Farg‘onada maktabda hushidan ketgan o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari vafot etdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘qon shahrida yashovchi o‘qituvchi maktabda tasodifan hushidan ketib vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi.

 

Ma’lum bo‘lishicha, marhuma G.U Farg‘onada joylashgan Informatika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan 6-sonli maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.

 

Maktab direktorining aytishicha, G.U 2 yildan buyon ushbu lavozimda ishlab kelgan. 2 yil davomida marhumaning sog‘lig‘ida hech qanday muammo kuzatilmagan, lekin joriy yilning avgust oyida qon bosimi me’yoridan ko’tarilganini maktab direktoriga aytgan.

 

Shundan so‘ng, joriy yilning 8-oktyabr kuni o‘qituvchilar o‘zaro malaka oshirish maqsadida xonada to‘planib majlis o‘tkaziladi. Shu kuni soat 14:57 da G.U o‘zini yomon his qilayotganini direktorga aytib xonadan chiqib ketadi. Keyin 15:00 da hushidan ketib qolganini zamdirektor kelib aytganidan so‘ng, yordam ko’rsatish uchun xonadagi barcha o‘qituvchilar tashqariga chiqishadi.

 

Darakchi.uz muxbirining ma’lumotiga ko’ra, maktab o‘qituvchilari tez yordam bilan birga uning turmush o‘rtog‘iga bog‘lanishadi. Tez yordam xodimlari shifoxonaga olib borishganida ayol o’z hushida bo‘lgan va shifokor savollariga javob bera olgan. Bemor zudlik bilan Qo‘qon shahridagi shoshilinch tibbiy yordamning neyroxirurgiya bo‘limiga olib kelingan.

 

Neyrojarrohning ta’kidlashicha, o’sha kuni ayol nafas buzilishi, salkam 200 dan oshiq qon bosimi bilan koma holatida kelgan. Bemorga birlamchi bosh miya tomografiya qilinib, bosh miya peshona chekka tepa sohasi insult gematomasi tashxisi qo‘yilgan. Buni oldini olish uchun, shoshilinch neyrojarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Aperatsiya jarayoni yaxshi o’tgan. Lekin ayolning umumiy holati og‘irligi sababli miyani quygan qon hajmi katta bo’lgani va miyaning shikastlanishi qattiq bo‘lgani uchun uning holati og‘irligicha saqlanib qolgan.

 

Shifokorlarning fikricha, bemorda miyaning patologik qon tomiri yorilishining hisobiga insult gematomasi holati kuzatilgan. Avvalroq, tomografiya qilinmagani uchun tashxisni oldini olinmagan bo’lgan.

 

Marhuma 33 kun davomida shu kasalxonada davolangan ammo ahvoli yaxshilanmagani sabab vafot etgan.