Rossiya oliy o‘quv yurtlari 2027-yilda oliy ta’limning yangi modeliga o‘tishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi fan va oliy ta’lim vaziri o‘rinbosari Dmitriy Afanasyev Rossiya tarix fakultetlari dekanlari va kafedra mudirlari ishtirokidagi umumrossiya yig‘ilishida ma’lum qildi.
“Biz 2027-yilni oliy ta’lim tizimining yangi modeliga tizimli va umumiy o‘tish yili sifatida belgilamoqchimiz”, — degan Dmitriy Afanasyev (TACC xabariga ko‘ra).
Ta’lim vaziri o‘rinbosarining so‘ziga ko‘ra, Fan va oliy ta’lim vazirligi oliy ta’lim tizimida keng qamrovli o‘zgarishlarni tayyorlamoqda. Bu islohotlar “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritishni talab qiladi. Loyiha hozirda tayyor holatda bo‘lib, yopiq muhokama jarayonida.
2023-yil 12-may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin oliy ta’lim tizimini isloh qilish bo‘yicha pilot loyihani yo‘lga qo‘yish haqidagi farmonni imzolagan edi. 2023–2026-o‘quv yillari davomida mazkur tajriba mamlakatdagi olti oliy ta’lim muassasasida amalga oshirilmoqda.
Yangi tizim uch bosqichli ta’lim modelini o‘z ichiga oladi:
-
Asosiy oliy ta’lim,
-
Ixtisoslashgan tayyorgarlik,
-
Kasbiy bosqich (aspirantura).
Ixtisoslashgan tayyorgarlik bosqichiga magistratura, ordinatura va assistentura-stajirovka dasturlari kiradi.
Ta’lim davomiyligi quyidagicha belgilanadi:
-
Asosiy oliy ta’lim — 4 yildan 6 yilgacha,
-
Magistratura — 1 yildan 3 yilgacha.
