“Toshkent shahrida boks va gimnastikaga ixtisoslashtirilgan sport maktablari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–94-son, 22.06.2024 y) qabul qilindi.
Farmonda joriy yil 1-sentabrdan boshlab ixtisoslashtirilgan sport maktablari xodimlariga 100 foizlik ustama to‘lash tizimi joriy etilishi belgilab berilgan. Shuningdek, O‘zbekiston tarixi va ingliz tili fanlarining chuqurlashtirilgan holda o‘qitilishiga hamda umumlashgan tabiiy fan va sport psixologiyasining zamonaviy usullarda o‘rgatilishiga alohida e’tibor qaratiladi.
2024-yil 1-sentyabrgacha ixtisoslashtirilgan sport maktablari uchun maqbullashtirilgan o‘quv rejalari ishlab chiqiladi. Bunda ushbu maktablarda ikkinchi xorijiy tilni o‘rgatish yo‘lga qo‘yiladi. Har bir tuman va shahardan kamida 3 tadan eng namunali davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tanlab olinib, gimnastika xonalari tashkil qilinadi.
Farmonga muvofiq, ixtisoslashtirilgan sport maktablarida:
– o‘quv-tarbiya jarayoni 5–11-sinflar doirasida maxsus ta’lim dasturlari bo‘yicha tashkil etiladi;
– qabul jarayonlariga xalqaro va mahalliy trener-seleksionerlar jalb qilinadi;
– ta’lim jarayoni o‘quvchilar soni 12 nafardan 24 nafargacha sinflarda amalga oshiriladi;
– o‘quvchilarining umumiy cheklangan soni 168 nafar etib belgilanadi.
Bundan tashqari 2024-2025-o‘quv yilidan har yili mahalliy va xorijiy sport ustalari, trener hamda mashhur sportchilar ishtirokida mahorat darslari o‘tkaziladi.
Muhim! Ixtisoslashtirilgan sport maktablari o‘quvchi-sportchilari O‘zbekiston chempionati va kubogi musobaqalarida alohida jamoa sifatida to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirok etadi.
Shuningdek, ixtisoslashtirilgan sport maktablari tizimida boks va gimnastika bo‘yicha trenerlar maktabi tashkil qilinadi.