Hukumatning 2025-yil 21-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi 662-sonli qaroriga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentyabrdagi “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 823-sonli qaroriga ayrim oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Unga ko’ra, pedagoglarga direktor jamgʻarmasidan toʻlab beriladigan ustamalar belgilashda malaka toifasi uchun qoʻshimcha ballar beriladi.
Xususan, ‘‘Fan olimpiadasi’’ va boshqa ko‘rik tanlovlar, musobaqalar, tadbirlarning tuman (shahar) bosqichida o‘quvchisining ishtiroki uchun maksimal 25 ball berilishi belgilangan.
Bunda faoliyat natijalariga koʻra qoʻyiladigan ballar:
– tuman (shahar) miqyosidagi olimpiada, tanlov va boshqa tadbirlarda qatnashib, oʻquvchilari eng quyi gʻolib koʻrsatkichining 55 foizidan yuqori natijalarni koʻrsatganda – 5 ball;
– tuman (shahar) miqyosidagi olimpiada, tanlov va boshqa tadbirlarda qatnashib, oʻquvchilari eng quyi gʻolib koʻrsatkichining 70 foizidan yuqori natijalarni koʻrsatganda – 10 ball;
– tuman (shahar) miqyosidagi olimpiada, tanlov va boshqa tadbirlarda qatnashgan oʻquvchilari 1-, 2-, 3-oʻrinlarni (shuningdek, toʻgʻridan toʻgʻri xalqaro fan olimpiadalaridan ishtirok etib, sovrinli oʻrinlarni) egallaganda – 25 ball beriladi.
