Savol: Men avgust-dekabr oylarida oʻtkaziladigan attestatsiyada ishtirok etish uchun murojaat yuborgan edim. Attestatsiya turini tanlashda navbatdagi-majburiyni tanlagan edim, sababi bu mening birinchi attestatsiyam edi. Lekin, menga attestatsiya turi notoʻgʻri tanlangan deb RAD JAVOBI keldi. Shunday boʻlishi mumkinmi?
Javob: Mumkin, albatta. Birinchi marta attestatsiyada ishtirok etayotgan pedagoglar faqat navbatdagi-majburiy attestatsiyada ishtirok etishlari kerakligi toʻgʻrisida talab mavjud emas.
Hukumatning 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-son qarorining 4-bandiga ko’ra, pedagog kadrlar har besh yilda bir marta navbatdagi majburiy attestatsiyadan oʻtkaziladi.
Ish stajiga toʻliq uch yil toʻlmagan pedagoglar navbatdan tashqari attestatsiyada ishtirok eta oladimi?
Oliy taʼlim muassasasini tamomlab, ish stajiga toʻliq uch yil toʻlmagan pedagoglar oʻz ixtiyorlariga koʻra navbatdan tashqari attestatsiyada ishtirok etishlari mumkin (bu ular uchun birinchi attestatsiya hisoblanadi).
Ilgari attestatsiyadan oʻtmagan ishga yangi qabul qilingan pedagog kadrlarga yoki oliy taʼlim tashkilotlarini bitirib birinchi bor ishga kirgan pedagog kadrlar kasbiy faoliyatiga uch yil toʻlgandan soʻng navbatdagi majburiy attestatsiyadan oʻtkaziladi.
Navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydigan pedagog kadrlar oʻz xohishiga koʻra navbatdan tashqari attestatsiyadan oʻtishlari mumkin.
Navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydigan pedagog kadrlarning amaldagi malaka toifalari (lavozimlari) saqlanib qoladi hamda ularga taʼlim tashkilotlarida ishlagan davrida mazkur malaka toifasi (lavozimi) boʻyicha haq toʻlanadi.
Navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘ta olmagan o‘qituvchiga haq to‘lash tartibi
Oʻz xohishiga koʻra navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashib, malaka toifasini (lavozimini) oshirgan yoki saqlab qolgan pedagog kadrlarga oshirilgan yoki saqlab qolingan malaka toifasi (lavozim) boʻyicha haq toʻlanadi.
Oʻz xohishiga koʻra navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashib, attestatsiyadan oʻta olmagan pedagog kadrlarning malaka toifasi (lavozimi) tushirilmaydi hamda ularga navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashishdan oldin amalda boʻlgan malaka toifasi (lavozimi) boʻyicha haq toʻlanadi.
Ilk bor ishga kirgan o‘qituvchilarga quyidagi tartibda malaka toifasi (lavozim) beriladi
Nizomning 10-bandiga muvofiq ilgari attestatsiyadan oʻtmagan ishga yangi qabul qilingan pedagog kadrlarga yoki oliy taʼlim tashkilotlarini bitirib birinchi bor ishga kirgan pedagog kadrlarga attestatsiyaga jalb etilgunga qadar quyidagi tartibda malaka toifasi (lavozim) beriladi:
– bakalavr darajasiga ega pedagog kadrlarga — mutaxassis (oliy maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimi;
– magistr darajasiga ega mutaxassislarga, shuningdek, oliy maʼlumot darajasi boʻyicha akademik darajalar joriy etilgunga qadar olingan oliy maʼlumotli pedagog kadrlarga — ikkinchi malaka toifasi (katta oʻqituvchi lavozimi);
– fan nomzodi, falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) yoki fan doktori (Doctor of Science (DSc) ilmiy darajasiga hamda Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan berilgan katta ilmiy xodim, dotsent va professor ilmiy unvoniga ega boʻlgan pedagog kadrlarga — oliy malaka toifasi (bosh oʻqituvchi lavozimi).
