Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni o‘qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2020-yil 23-iyundagi 402-sonli qaroriga muvofiq, 208 ta tuman (shahar)larda ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga tavsiyanoma berish masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha tuman (shahar) Ishchi guruhining tarkibi tasdiqlangani haqida O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 30-maydan 7-iyunga qadar 36 853 nafar talabgor xotin-qizlardan tavsiyanoma olish uchun arizalar xotin-qizlar.uz elektron platformasi orqali onlayn qabul qilingan. Eng ko‘p arizalar Qashqadaryo (4 368 ta), Farg‘ona (3 982 ta), Samarqand (3 876 ta), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (3 876 ta) hisssiga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, tuman (shahar)lar kesimida eng ko‘p arizalar Nukus shahri (859 ta), Oltiariq (581 ta), Qo‘shko‘pir (481 ta), G‘uzor (429 ta), Qarshi tumani (413 ta) dan kelib tushgan.
8-10-iyun kunlari tuman (shahar) ishchi guruhlari tomonidan arizalar Nizom talablari asosida ko‘rib chiqilib, xulosalar berilgan.
Shuningdek, tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlari tomonidan talabgor xotin-qizlarga tavsiyanoma berish yoki tavsiyanoma berishni rad etish to‘g‘risida buyruqlar rasmiylashtirilgan. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar ko‘rib chiqilib, talabgorlarga tavsiyanoma berish yoki tavsiyanoma berishni rad etish to‘g‘risida qo‘mita raisining joriy yil 14-iyundagi 81-sonli buyrug‘i qabul qilingan. Unga ko‘ra Respublika bo‘yicha jami 18 481 nafar (50,1 %) xotin-qizlarga tavsiyanoma berilib, 18 372 nafar (49,9%) talabgorga tavsiyanoma berish rad etilgan.
Shundan eng ko‘p tavsiyanoma Farg‘ona (2 120ta), Samarqand (2 014 ta), Qashqadaryo (1 848ta), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (1 623 ta), Andijon (1 592 ta) viloyatlarida berilgan. Tuman (shahar)lar kesimida eng ko‘p – Qo‘shrabot (270 ta), Quva (262 ta), Rishton(259 ta), Urgut (255 ta) Pop (239 ta), Amudaryo(236 ta), Qamashi (213 ta), G‘uzor (213 ta), Jalaquduq (212 ta), Sherobod (212 ta) tumanlariga to‘g‘ri kelgan.
Qo‘mitaning tavsiyanoma berish, shuningdek, tavsiyanoma berishni rad etish to‘g‘risidagi 81-son buyrug‘i xotin-qizlar.uz elektron platformasiga joylashtirilib, tuman (shahar) Oila va xotin-qizlar bo‘limlari hamda ishchi guruhlariga talabgorlarni xabardor qilish uchun yuborilgan.
Talabgorlarning mobil telefon raqamiga tavsiyanoma berishga tavsiya etilganligi yoki rad etilganligi to‘g‘risida xabar yuborilgan. Shuningdek, tavsiyanoma olish uchun ariza bergan xotin-qizlar xotin-qizlar.uz elektron platformasi orqali o‘zlarida tavsiyanoma bor yoki yo‘qligini tekshirish imkoniyati yaratilgan.
“Berilgan tavsiyanomalar xotin-qizlar.uz elektron platformasida mavjud. Platforma ma’lumotlari Ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markaziga ko‘chirilganligi bois, integratsiya jarayonlarida tegishli IP manzillarda o‘zgarish yuzaga kelgan. Hozirda mazkur texnik masalalar bartaraf etilganidan so‘ng, berilgan tavsiyanomalar Bilim va malakalarni baholash agentligining tegishli platformasiga integratsiya qilinadi”, – deyiladi Oila va xotin qizlar qo‘mitasi matbuot xizmati axborotida.