Kanadalik musiqachi Deiv Keroll bortga qoʻyilmagan oʻzbekistonlik talaba haqida qoʻshiq kuyladi

Kanadalik musiqachi Deiv Keroll bortga qoʻyilmagan oʻzbekistonlik talaba haqida qoʻshiq kuyladi

Kanadalik qo‘shiqchi va bastakor Deiv Keroll “Don’t fly Wizness class” nomli yangi qo‘shig‘i va klipini chiqardi. Bu qo‘shiqda Wizz Air aviakompaniyasi tomonidan 2023-yilda reysga chiqarilmagan O‘zbekiston fuqarosi Suhrob Ubaydullayev haqida hikoya qilinadi.

 

Suhrob Ubaydullayev Kun.uz’ga bergan intervyusida  “O‘zbekistan yozuvli pasportim uchun reysga qo‘yishmadi” — degan edi.

 

Voqealar 2023-yil avgustida sodir bo‘lgan. Talaba Work and Travel dasturi orqali Yevropaga borgan va O‘zbekistonga qaytishda Rim orqali Abu-Dabiga, Abu-Dabidan esa Samarqandga Wizz Air samolyotida uchishi kerak bo‘lgan. Rimda uni samolyotga qo‘ymagan va natijada Suhrobning ikkinchi chiptasi ham kuyib ketgan. Nima qilishini bilmagan talaba qarz olib, Turkiyaga uchgan va Istanbulda bir necha kun boshpanasiz qolib ketgan.

 

“Qaytish biletini Italiya orqali oldim. Ushbu aviakompaniya xodimlari meni diskriminatsiya qilishdi. Italiya hududidan ketayotganimda allaqachon pasportimga davlatdan chiqqanim haqidagi muhr urilgandi. Aviakompaniya xodimi esa samolyotning eshigi oldida mening qo‘limdagi pasportni koʻrdi-da, “sen O‘zbekiston fuqarosimisan?”, deya mendan chetga oʻtishimni so‘radi. Shu joyning oʻzida chiptamni bekor qilib yuborishdi va samolyotga mensiz uchib ketishni xabar qilishdi. Ular qo‘limdagi viza, chiptalar va Germaniya bergan hujjatlarning birortasiga qaramadi. Faqat pasportimdagi “O‘zbekiston” yozuvini koʻrib, meni ushlab qoldi” – degan edi  Suhrob Ubaydullayev.