Bugun, 21-oktyabr “O‘zbek tili bayrami kuni” munosabati bilan, Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zbek xalqini tabrikladi.
Qadrli vatandoshlar!
Yangi O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotidan mustahkam o‘rin olgan qutlug‘ sana – O‘zbek tili bayrami kuni bilan siz, azizlarni, butun xalqimizni, chet ellardagi barcha yurtdoshlarimizni chin dildan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu shukuhli ayyomda bir fikrni alohida ta’kidlab aytmoqchiman: bundan sakkiz yil oldin mamlakatimizda boshlagan tom ma’nodagi tarixiy islohotlarimiz tufayli o‘zbek tili rivojida ham yangi davr boshlandi. Bu borada qabul qilingan farmon, qaror va dasturlar asosida uning davlat tili sifatidagi o‘rni va maqomini mustahkamlash, zamonaviy ilm-fan, axborot texnologiyalari va xalqaro munosabatlar tiliga aylantirish bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirdik.
Xususan, yurtimizda geografik obyektlar nomlarini davlat tili me’yorlariga muvofiqlashtirish izchil davom ettirilmoqda. Bugungi kunga qadar 250 mingga yaqin geografik obyekt, jumladan, 200 mingdan ortiq ko‘cha nomlari davlat tiliga muvofiqlashtirilib, reyestrga kiritilgani, faqat keyingi ikki yilda tog‘ va cho‘qqilar, daryo, ko‘l, suv omborlari, foydali qazilma konlari, metro bekatlari, temiryo‘l vokzali va stansiyalari, aeroport va avtostansiyalar singari 2 600 ta obyekt davlat tili talablari asosida qayta nomlanganini qayd etish zarur.
Hozirgi shiddatli globallashuv jarayonlari, ilm-fan yutuqlari orqali hayotimizga keng miqyosda kirib kelayotgan yangi tushuncha va atamalarni tilimizga aniq qoida va tamoyillarga binoan qabul qilish, til siyosatini ilmiy asosda, markazlashgan holda yuritish maqsadida Atamalar komissiyasi faoliyati kuchaytirildi.
Xorijiy so‘z va iboralarni keng jamoatchilik, olim va mutaxassislar ishtirokida o‘zbekchalashtirish bo‘yicha samarali mexanizm joriy etilib, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish uchun maxsus dasturiy ta’minot ishlab chiqilgani, elektron manbalar yaratilgani e’tiborga sazovordir.
Shu o‘rinda bir fikrni yana ta’kidlashni o‘rinli, deb bilaman: kelajagimiz egasi bo‘lgan yosh avlodimiz zamonaviy bilimlar, innovatsiya va taraqqiyot cho‘qqilarini egallashi uchun albatta chet tillarini o‘rganishi lozim. Lekin ular milliy ruh, milliy tafakkur egasi, vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishlari uchun, avvalo, o‘zbek tili va adabiyotini bolalikdan boshlab puxta bilishlari shart.
