Oliygohlarda sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik kabi yo‘nalishlar uchun davlat granti kvotalari 35 foizga oshiriladi

Oliygohlarda sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik kabi yo‘nalishlar uchun davlat granti kvotalari 35 foizga oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

 

 

Unda prezident soha uchun yiliga 2 ming nafar mutaxassis tayyorlayotgan oliygohlarning birortasida sun’iy intellekt laboratoriyasi yo‘qligiga e’tibor qaratdi.

 

 

Shu sababdan, keyingi o‘quv yiliga qadar 10 ta oliy ta’lim muassasasini zamonaviy laboratoriya bilan jihozlash reja qilingan. Shu bilan birga, banklarning bittadan oliygohda, jami 9 ta shunday laboratoriya tashkil qilish tashabbusi ma’qullangan.

 

 

“Yangi O‘zbekiston” universitetida “tarmoq – oliygoh – hamkor” tamoyilida ishlaydigan “sun’iy intellekt klasteri” ishga tushiriladi. Keyingi o‘quv yilidan “TOP-300” talikka kirgan universitetlar bilan hamkorlikda sun’iy intellekt bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yiladi.

 

 

Oliygohlarda sun’iy intellekt, fintex, kiberxavfsizlik, IT muhandislik, aerokosmik va bulutli texnologiyalar kabi yo‘nalishlar uchun davlat granti kvotalari 35 foizga oshiriladi. Talabalarning sun’iy intellektga qiziqishini oshirish maqsadida oliygoh jamoalari o‘rtasida sun’iy intellekt bo‘yicha umummilliy tanlov o‘tkaziladi.

 

 

Qulay ekotizim yaratilgani uchun yil boshidan mahalliy startaplarga rekord miqdorda – 264 million dollar sarmoya kiritilgan. Lekin bunda sun’iy intellekt sohasidagi startaplar ulushi hali kamligi aytilgan.

 

 

Shu bois, bunday startaplarni ko‘paytirish maqsadida mukofot jamg‘armasi 1 million dollar bo‘lgan “Sun’iy intellekt sohasidagi eng yaxshi startap” tanlovini o‘tkazish taklif qilindi.