Oliy ta’limda tyutorlik faoliyatini tashkil etish tartibi tasdiqlandi

Oliy ta’limda tyutorlik faoliyatini tashkil etish tartibi tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining qarori 2025-yil 17-oktyabrdagi ‘‘Oliy taʼlim tashkilotlarida tyutorlik faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida’’gi 656-son qarori tasdiqlandi.

 

 

Unda oliygohlarda faoliyat olib boradigan tyutorlarining majburiyatlari, malaka talablari va huquqlari belgilangan. Tyutorlar faoliyatiga oliy ta’lim tashkilotining yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori (direktor o‘rinbosari) umumiy rahbarlik qiladi.

 

Tyutorlikning maqsad va vazifalari

 

Tyutorlik faoliyatining maqsadi – talaba-yoshlarni vatanparvarlik va milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, shaxsiy-kasbiy rivojlanishiga yaqindan yordam berish, talabalarning ta’lim-tarbiya jarayonlariga moslashuvini ta’minlash, bo’sh vaqtlarini mazmunli tashkil qilishdan iborat.

 

 

Tyutorlik faoliyatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

 

– talabalarning oliy ta’lim tashkiloti va ta’lim tarbiya jarayonlariga moslashuviga, axborot-resurslari va boshqa manbalardan samarali foydalanishiga ko’maklashish hamda shaxsiy-kasbiy qiziqishlarini rivojlantirishga qaratilgan yakka va jamoaviy maslahatlar berib borish, ichki tartib-qoidalar, odob-axloq kodeksi hamda boshqa lokal hujjatlar bilan talabalarni tanishtirish;

 

– talabalarni vatanparvarlik, bag’rikenglik, qonunlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli ta’sirlarga qarshi tura oladigan, hayotga bo’lgan qat’iy ishonch va qarashlarga ega qilib tarbiyalash;

 

– talabalarda sog‘lom turmush tarziga intilishni shakllantirish, shuningdek, ularning bo’sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va jismoniy tarbiya bilan muntazam shug’ullanishni ta’minlash;

 

– nogironligi bo’lgan, yetim, ota-ona qaramog’idan mahrum bo’lgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni hamda ijtimoiy-madaniy, ma’naviy-ma’rifiy hayotida faol ishtirok etayotgan talabalarni rag’batlantirish bo’yicha takliflar kiritish;

 

– talabalarning yashash manzillari (talabalar turar joyi, ijara, yaqin qarindoshi va xususiy xonadonlar) bo‘yicha muntazam monitoring yuritish hamda u yerdagi sharoit va talabalarning ijtimoiy (oilaviy) holatidan xabardor bo’lish, ularning bu boradagi muammolarini o’rganib, uni bartaraf etish bo’yicha rahbariyatga tegishli takliflar kiritish;

 

– talabalarning ota-onasi yoki ularning o’rnini bosuvchi shaxslar bilan doimiy hamkorlikni yo’lga qo’yish hamda ularni farzandining o’quv-tarbiyaviy va ijtimoiy-maishiy sohalardagi faoliyati to’g’risidagi ma’lumotlardan xabardor qilib borish.

 

Tyutorlik lavozimining malaka talablari:

 

– oliy ma’lumotga (bakalavr) ega bo’lish ((ilmiy daraja va ilmiy unvonga ega shaxslarga afzalliklar beriladi);

 

– qonunchilik hujjatlariga muvofiq ta’lim berish huquqidan mahrum etilmagan bo’lishi;

 

– ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar uslubiyoti va amaliyotini chuqur anglab yetgan, pedagogik-psixologik bilim va tajribaga ega bo’lish;

 

– namunaviy shaxsiy fazilatlarga, shu jumladan, madaniyatli, mas’uliyatli, kirishuvchan, vatanparvar va tashabbuskor bo’lish;

 

– mustaqil qaror qabul qilish ko’nikmalariga ega bo’lish.

 

Tyutorlik faoliyatini tashkil etish

 

Nizomga ko’ra, tyutorlik asosiy mehnat faoliyati bo’lib, bunda tyutorlik uchun bakalavr darajasi to‘g‘risidagi hujjat (yoki unga tenglashtirilgan boshqa hujjatlar) talab etiladi.

 

 

Tyutorlarga bakalavriat bosqichining kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan 1–3-kurs talabalari biriktiriladi va ularning soni, qoida tariqasida, 120–150 nafardan iborat bo’ladi. Tyutorlar ta’lim tashkilotida tegishli bo’lim va tuzilmalar bilan hamkorlikda o’quv yili uchun tasdiqlangan ish rejasi asosida faoliyatini tashkil etadi.

 

 

Shuningdek, tyutorlar faoliyatiga oid choraklik hisobotlar tegishli bo’linma tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi talaba va o’quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazining elektron tizimiga kiritib boriladi.

 

 

Talabalarning bo’sh vaqtini samarali tashkil etish uchun tyutorlarning ish kuni davomiyligini oliy ta’lim tashkilotidagi o’quv jarayoni grafigidan kelib chiqqan holda, moslashuvchan ish grafigi asosida belgilash mumkin.