Muhokamalar portaliga ‘‘Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida’’gi qaror loyihasi joylashtirildi.
Qaror loyihasiga muvofiq 2020-yil 23-sentyabrda qabul qilingan “Taʼlim toʻgʻrisida”gi OʻRQ–637-sonli Qonuniga ayrim qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilishi belgilangan.
Ushbu o‘zgartirishlar quyidagilardan iborat:
5-moddasi ikkinchi qismining toʻrtinchi xatboshi “ishlab chiqarishdan ajralgan (kunduzgi) va ajralmagan holda (sirtqi, kechki, masofaviy) hamda dual va maqbullashtirilgan kunduzgi taʼlim olishni tashkil etish” tahriri bilan bayon etiladi.
15-moddasi quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi “maqbullashtirilgan kunduzgi taʼlim” bilan toʻldiriladi. Toʻrtinchi – toʻqqizinchi xatboshilari tegishincha beshinchi – oʻninchi xatboshilari deb hisoblanadi.
161-modda quyidagi mazmunda toʻldiriladi:
161-modda. Maqbullashtirilgan kunduzgi taʼlim
Maqbullashtirilgan muqobil kunduzgi taʼlim (part-time education) oliy taʼlim tashkilotlarida muqobil taʼlimning kredit-modul tizimiga asoslangan, talabalarning oʻqish va ishlashini birgalikda olib borish imkonini beruvchi, oʻqish anʼanaviy kunduzgi taʼlim shakliga qaraganda koʻproq moslashuvchan va vaqt boʻyicha qulaylik yaratadigan, haftalik oʻquv yuklamasi (soatlari) kamaytirilgan, oʻqish davomiyligi kunduzgi taʼlim shakliga nisbatan kamida bir yarim barobar koʻp oʻqish muddatini tashkil etadigan va bakalavriatda 8 yilgacha, magistraturada 4 yilgacha boʻlgan oʻqish davomiyligidagi taʼlim shaklidir.
Maqbullashtirilgan kunduzgi taʼlimni tashkil etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
19-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon qilinadi:
Rasmiy taʼlim davlat tomonidan tan olingan davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlari ishtirokida institutsionallashtirilgan (muayyan qoidalar va normalarni mujassamlashtiruvchi), aniq maqsadga yoʻnaltirilgan va rejalashtirilgan taʼlimdir.
