Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarga ko‘ra, hozir ayni damda Toshkentdagi 208-maktabda yong‘in sodir bo‘lganligi aytilmoqda.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lum qilishicha, Toshkent shahar FVBga «112» tizimi orqali, Mirzo Ulug‘bek tumani «Shukur Burxonov» MFY «Doniyor» ko‘chasida joylashgan 208-maktab hududidagi ta’mirlanayotgan bo‘sh binoning tom qismida yong‘in sodir bo‘layotganligi to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Xabarga asosan, yong‘in-qutqaruv ekipajlari aytilgan manzilga soat 17:28 da yetib borib, yong‘in soat 17:39 da qurshab olingan hamda soat 17:42 da bartaraf etilgan. Ta’kidlab o‘tamiz yong‘in vaqtida maktab xodimlari va o‘quvchilar bo‘lmagan.
«Hodisaning sababi ta’mirlash ishlari vaqtida yong‘in xavfsizlik qoidalariga rioya etmaganlikdan deya taxmin qilinmoqda, zarari aniqlanmoqda. Yong‘in oqibatida tan-jarohati olganlar yo‘q», – deyiladi vazirlik ma’lumotida.
