Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi 300-umumta’lim maktabi o‘quvchilarining maktab binosi ichida urushib qolgani tasvirlangan video tarqalgandi.
Holat yuzasidan Toshkent shahar MMTB Axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Unga ko’ra, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, ishchi guruh tomonidan o‘rganilgan.
‘‘O‘rganish natijalariga ko‘ra quyidagilar aniqlandi:
Holat 20-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan.
Maktabning 4-sinf o‘quvchisi I.A va sinfdosh o‘g‘il bolalar o‘rtasida darsdan so‘ng dahanaki nizo ortidan janjal kelib chiqqan. Maktab ma’muriyati bu holat yuzasidan hudud profilaktika inspektori va maktabga biriktirilgan inspektor psixologlarga xabar bergan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, I.A bilan janjallashgan o‘quvchilar — I.A va E.J ota-onalari MJtKning 47-moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Shuningdek, bu kabi holatlarga qayta yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ota-onalar bilan yig‘ilish o‘tkazilib, tushuntirish ishlari olib borildi hamda maktab direktori va mas’ullarga intizomiy chora ko‘rildi’’, — deyiladi munosabatda.
