OECD’ning 2024-yilgi TALIS hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston o‘qituvchilari sun’iy intellekt (AI) texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha OECD mamlakatlari orasida eng faol guruhlar qatoriga kirdi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘qituvchilarning 62 foizi o‘z ishida AI texnologiyalaridan foydalangan. Bu OECD o‘rtacha ko‘rsatkichidan (36 foiz) deyarli ikki baravar yuqori.
AI vositalaridan foydalanish maqsadlari quyidagicha taqsimlangan:
92% — mavzularni o‘rganish va xulosa chiqarish uchun;
91% — dars rejalashtirish yoki o‘quv faoliyatlarini ishlab chiqish uchun;
86% — o‘quvchilarning ishtiroki va natijalarini tahlil qilish uchun.
Nisbatan kam qo‘llaniladigan yo‘nalishlar:
78% — dars materiallarining murakkablik darajasini avtomatik moslashtirish;
69% — maxsus ehtiyojli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash;
66% — o‘quvchilarga yoki ota-onalarga fikr-mulohaza xabarlarini yaratish.
“O‘zbekiston o‘qituvchilari raqamli vositalar va AI texnologiyalarini dars jarayoniga faol tatbiq etayotgani ta’lim tizimining innovatsion yo‘nalishda rivojlanayotganini ko‘rsatadi,” — deyiladi OECD sharhida.
Shu bilan birga, AI’dan foydalanmagan o‘qituvchilarning 46 foizi bunga zarur bilim va ko‘nikmalari yo‘qligini, 54 foizi esa maktabda texnik infratuzilma yetarli emasligini bildirgan.
Ekspertlar fikricha, O‘zbekiston o‘qituvchilari orasida texnologiyaga ochiqlik darajasi yuqori, biroq raqamli ta’lim infratuzilmasini yanada kuchaytirish talab etiladi.
Ma’lumot uchun, OECD — bu Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti bo‘lib, 1961-yilda Parijda tashkil etilgan. Tashkilotga 38 ta mamlakat a’zo. Uning maqsadi — iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy farovonlik va ta’lim sifatini yaxshilash.
OECD dunyo miqyosida ta’lim sohasida eng yirik tadqiqotlarni o‘tkazadi, jumladan:
PISA — o‘quvchilar bilimini baholaydi;
TALIS — o‘qituvchilarning ish sharoiti va tajribasini o‘rganadi.
Uning ma’lumotlari ko‘plab davlatlarda ta’lim siyosatini shakllantirishda asosiy manba sifatida ishlatiladi.

