Qashqadaryo viloyati Koson tumanida 2 yoshli qiz mashina ichida qolib ketib vafot etgani haqida xabar bergandik. 11-sentabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Dehqonobod tuman sudida ayblanuvchiga sud hukmi o‘qilgan.
Voqea 20-iyun kuni tumanning Ushoqtepa mahallasida bo‘lgan. O‘sha kuni xususiy bog‘cha direktori Lola Haqnazarova Spark avtomobilida shu mahallada yashovchi 2 yoshli qiz Z.I. va boshqa bolalarni uyidan bog‘chaga olib ketgan.
Biroq Z.I. “bog‘cha mudirasining o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmagani va e’tiborsizligi sababli” avtomashina ichida eshiklari yopiq bo‘lgani holda soat 12:00 ga qadar qolib ketgan. Oqibatda bola mashina ichida vafot etgan.
Sud hujjatida keltirilishicha, 31 yoshli Lola Haqnazarova 2024-yilda nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotini tashkil qilib, unga rahbarlik qilib kelgan. U belgilangan talablarga zid ravishda 2022-yil 16-dekabrda tug‘ilgan Z.I.ni garchi yoshi yetmasa ham bog‘chaga qabul qilgan.
Haqnazarovaning haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan. Lekin shunga qaramay turmush o‘rtog‘iga tegishli Spark mashinasida har kuni ertalab bolalarni uylaridan bog‘chaga, kechda esa bog‘chadan uylariga tashigan.
2025-yil 20-iyun kuni ham u 7 nafar bolani Spark’ka mindirib, bog‘chaga olib borgan. Bolalarni transport vositasidan tushirish jarayonida 2,5 yoshli Z.I.ni mashinada unutib qoldirgan. 6 soat davomida eshiklari va oynalari yopiq holatdagi mashina ichida qolib ketgan qizaloq nafas ololmasdan, dimiqib vafot etgan.
Sudlanuvchi sudda aybiga iqrorlik bildirgan.
“20-iyun kuni ertalab mahallada yashovchi 7 nafar bolani yashash uylaridan o‘zim mashinada olib chiqdim. Ular orasida Z.I. ham bor edi. Uning yoshi bog‘cha yoshiga yetmagan bo‘lsa-da, onasining iltimosiga ko‘ra qabul qilganman”, — degan Haqnazarova.
“Bog‘chaga kelib, mashinani yo‘l chetida to‘xtatdim. So‘ngra old o‘rindiqda o‘tirgan ikki bolani qo‘limga ko‘tarib, orqa o‘rindiqda o‘tirgan 5 nafar bolani tushirish maqsadida mashina orqa eshigini ochib qo‘ydim. Qo‘limda ko‘tarib olgan ikki bolani yo‘ldan bog‘cha tomonga o‘tkazib qo‘yib, mashina oldiga borayotganimda bolalar o‘zlari tushganini ko‘rdim. Shu payt ulardan ikkisi xarxasha qilishni boshladi. Shu bilan ovora bo‘lib qolib, mashinadan barcha bolalar tushgan-tushmaganiga e’tibor bermabman. Ayni shu kuni tarbiyachi ishga kelmagan, barcha ish o‘zimga qolib ketgandi. Tushgacha bolalar bilan shug‘ullandim. 13:00 larda bolalarni uxlatdim va shu payt Z.I. yo‘qligini payqab qoldim”, — degan sudlanuvchi o‘z ko‘rsatmasida.
Shu vaqtda Haqnazarovaning turmush o‘rtog‘i kelib, mashina kalitini so‘ragan. Shundan so‘nggina qizaloq mashina ichida qolib ketgani ma’lum bo‘lgan.
Qizaloqning onasi sudda bog‘cha rahbarining e’tiborsizligini hech narsa bilan oqlab bo‘lmasligini aytgan va unga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
“Voqea kuni qizimni aynan Lolaning o‘zi sog‘-salomat uyimizdan bog‘chaga olib ketgan. Qanday-qilib 5−6 soat davomida o‘zlari qabul qilib olgan bolani yo‘qligini bilmasliklari mumkin? Axir hisob-kitob, sanoq bo‘lishi kerak-ku. Qizimning bu-bog‘chaga birinchi marta kelishi emasdi, u allaqachon bir necha oydan beri kelib yurgan edi. Qanday qilib tushlik vaqtigacha, hatto tushlik paytida ham bitta bolaning yo‘qligini sezmasliklari mumkin? Hech bo‘lmaganda o‘shanda e’tibor qilishlari kerak edi. Bunday e’tiborsizlikni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Shuning uchun men qonuniy chora ko‘rilishini talab qilaman”, — degan qizning onasi.
Sud hukmi bilan Lola Haqnazarova Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik odam o‘limiga sabab bo‘lishi) sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni manzil koloniyada o‘tash belgilangan.
