Koson tuman ixtisoslashtirilgan maktabining 10-sinf o’quvchisi Hamdamov Erali Sherali o’g’li 1500 ballik natija bilan Xalqaro SAT sertifikatiga ega bo’ldi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’lim boshqarmasi matbuot xizmati xabar qildi.
O’quvchi, shuningdek, 2025-yil 10-avgustda IELTS imtihonidan 8 ballni qo’lga kiritgan.
SAT (Scholastic Assessment Test) – bu asosan AQSh va ayrim boshqa davlatlarda oliy ta’lim muassasalariga kirishda talab qilinadigan xalqaro standartlashtirilgan test bo’lib, baholash mezoni 400-1600 ball shkalasida bo’ladi.
Imtihon tartibi quyidagicha bo’ladi:
Matematika – algebra, geometriya, statistika va mantiqiy masalalar. Kalkulyator bilan va kalkulyatorsiz qismlarga bo‘linadi.
Reading (O‘qish) – matn asosida savollarga javob berish, asosiy g‘oyani tushunish.
Writing and Language (Yozuv va til) – grammatik xatolarni topish, matnni tahrirlash.
Optional Essay – ba’zi universitetlar insho yozishni talab qilishi mumkin, lekin hozir ko‘pchilik undan voz kechgan.
Umumiy vaqt: taxminan 3 soat (insho bo‘lsa, 3 soat 50 daqiqa).
SAT sertifikati qanday imkoniyatlar beradi?
AQSh, Kanada va ba’zi Yevropa universitetlariga kirishda asosiy talab hisoblanadi. Shuningdek, SAT xalqaro sertifikati turli grant va stipendiya olishda yordam beradi.
