Toshkent shahar Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda 8-sinf oʼquvchilarning sinfda karta oʼynab oʼtirgani video tasvirlari tarqalgani haqidagi xabarga munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, videolavhadagi voqea 2024-yil 23-aprel kuni Yunusobod tumanidagi 235-sonli umumtaʼlim maktabida 8-“B” sinf oʻquvchilari tomonidan tarix fani darsi chogʻida sodir etilgan.
Dars jarayoniga xalaqit qilib, “kartabozlik” qilgan toʻrt nafar oʻquvchi va ularning ota-onalari maktabga chaqirtirilib, Milliy gvardiya, IIB xodimlari, psixolog hamda maktab maʼmuriyati ishtirokida profilaktik tushuntirish ishlari olib borilgan.
Oʻquvchilarning ota-onalariga Maʼmuriy Kodeksning 47-moddasiga asosan jarima qoʻllanilib, sinf rahbariga nisbatan intizomiy chora koʻrilgan.
“Hurmatli ota-onalar!
Yuqoridagi holat oʻquvchilar tarbiyasi uchun nafaqat pedagoglar, balki ota-onalar koʻproq masʼul ekanligini koʻrsatib turibdi. Soʻnggi paytlarda taʼlim muassasalarida “Davomat”, “Tigʻ” kabi tadbirlarning muntazam oʻtkazilishi ayrim ota-onalarga yoqmayotganligini yashirmaymiz.
Shunday ekan, Sizlardan iltimos, farzandingizning faqat maktabga borishi emas, balki uning papkasida nimalar borligi, koʻcha-koʻyda kimlar bilan oʻrtoqligi, darslarni qanday oʻzlashtirayotganligi bilan ham qiziqsangiz ayni muddao boʻlur edi.
Ularning oʻsmirlik davri yoshidagi oʻzgarishlar, qiziqishlarini nazoratga olish va farzandlarimizga zarur shart-sharoitlar yaratish kelgusida faqat yetuk insonlar boʻlib ulgʻayishi uchun zamin yaratadi, xolos”, – deyiladi boshqarma munosabatida.