Joriy yildan boshlab oliygohlarda qabul kvotalarini investitsiya loyihalarida kadrlarga boʻlgan talabdan kelib chiqib shakllantirish tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Endilikda investor buyurtmasi bilan texnikumlarda ham kadrlar maqsadli tayyorlanadi. Investor soʻroviga asosan texnikumdagi taʼlim dasturlarini 30 foizgacha oʻzgartirish mumkin boʻladi.
Texnikum bilan dual taʼlimni yoʻlga qoʻygan korxonalarga imtiyozli kredit ajratiladi.
Shu bilan birga, tarmoq uyushmalari oʻzlariga aʼzo ish beruvchilarning malaka talablarini tayyorlab bera olmayotgani, oqibatda korxona ham zarar koʻrayotgani, texnikumlar ham nimani oʻqitishni bilmayotgani boʻyicha eʼtiroz bildirildi.
Mutasaddilarga yil yakunigacha yangi agentlik bilan birgalikda tarmoqlardagi korxonalar uchun kerakli kasblar kesimida standart va talablarni ishlab chiqish topshirildi.
Yigʻilish davomida soha va hududlar masʼullarining hisobotlari tinglandi, taʼlim tashkilotlari rahbarlari bilan muloqot qilindi.
