Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida taʼlim sohasidagi islohotlar ijrosi va kelgusidagi vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boshlandi.
“Iqtisodiyot rivojlanishi, yurtimiz va farzandlarimiz kelajagi faqat va faqat taʼlim va muallimga bogʻliq. Sizlar bilan ish boshlagan birinchi kundan aytaman: taʼlim, taʼlim, taʼlim, muallim, muallim, muallim”, – dedi davlat rahbari.
Yig‘ilishda oʻqituvchiga munosib sharoit yaratish, bogʻcha, maktab qurish, jihozlash, chetdan mutaxassis olib kelish, zamonaviy darslik va oʻquv dasturlarini joriy qilish boʻyicha juda koʻp sharoitlar yaratilgani va bu yana davom ettirilishi taʼkidlandi.
“Lekin har bir tuman, viloyat hokimi, biz farzandlarimizni ishonib topshirgan bogʻcha, maktab, texnikum, oliygoh rahbarlari bir haqiqatni aniq bilishi zarur.
Odamlarimiz yaxshi yashashi uchun iqtisodiyotimiz kuchli boʻlishi kerak! Buning uchun yangi tovar, yangi xizmat, yangi texnologiya kerak! Sifatli taʼlim tizimi orqaligina bularga erisha olamiz! Boshqa yoʻlimiz yoʻq!
Shu haqiqatni anglab, har kuni oʻzini qiynab ishlagan rahbarning tumanida, bogʻchasi, maktabi, texnikumi, oliygohida albatta oʻzgarish va natija boʻladi!”, – dedi Prezident.
