SamDU olimasi qurilish chiqindilaridan yangi turdagi material ixtiro qildi

SamDU olimasi qurilish chiqindilaridan yangi turdagi material ixtiro qildi

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti dotsenti, ekologiya sohasida faoliyat yuritayotgan Gulmira Keldiyorova atrof-muhitni asrash va chiqindilardan samarali foydalanish bo‘yicha olib borgan ilmiy izlanishlari natijasida muhim yangilik yaratdi.

 

Olimaning tadqiqotlari asosan qurilish sanoatida paydo bo‘ladigan chiqindilarni qayta ishlash orqali atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirishga qaratilgan. U sanoat korxonalarida changni tozalash uchun yangi turdagi uskuna ishlab chiqdi. Hozirda bu uskuna shifer va asfalt-beton ishlab chiqaruvchi zavodlarda ikkinchi bosqich tozalash vositasi sifatida qo‘llanilmoqda. Mazkur yangiliklari tufayli u 3 ta patent va bir nechta xalqaro hamda mahalliy grantlarga ega bo’ldi.

 

«So‘nggi yillarda qurilish sanoati rivojlanib, ishlab chiqarish quvvati ortmoqda, — deydi Gulmira Keldiyorova. — Shu bilan birga, chiqindilar hajmi ham ko‘paymoqda. Afsuski, yig‘ilib qolayotgan chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha samarali loyihalar deyarli yo‘q. Shu sababli men olib borgan izlanishlarda aynan shu chiqindilardan ikkilamchi mahsulot ishlab chiqarishga e’tibor qaratdim», – deydi olima.

 

Olimaning ta’kidlashicha, yangi mahsulotni tayyorlashda suv va tuproqqa ehtiyoj bo‘lmaydi. Eng muhimi, mahsulot arzon, mustahkam va uzoq muddat foydalanishga yaroqli bo‘lib, bozor talablari uchun mosdir.

 

Yangi mahsulot laboratoriyalar, ishlab chiqarish korxonalari va ayol olimalar uchun ajratilgan grant mablag‘lari hisobidan tashkil etilgan ustaxonada sinovdan o‘tkazildi. Garchi tadqiqotlar jarayonida ayrim shubhalar, tanqidiy qarashlar bo‘lgan bo‘lsa-da, olima izlanishdan to‘xtamadi. Natijada mahsulot uch marotaba muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilib, patent olish uchun Intellektual mulk agentligiga topshirildi.

 

«Mahsulot patentlangach, korxona tashkil qilib, ishlab chiqarishni keng yo‘lga qo‘yish niyatidamiz, — deydi G. Keldiyorova. — Kelgusida qurilish chiqindilaridan turli xil ikkilamchi mahsulotlar olish ustida ham ishlashni davom ettiraman. Bu orqali tabiiy resurslarni tejash va chiqindisiz texnologiyalarni keng joriy etish imkoniyati yuzaga keladi», – deydi olima.