Umumiy oʻrta taʼlim tizimida oʻquvchilarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va “Kelajak” markazlarining vertikal tizimini samarali joriy etish maqsadida yangi lavozim – maktab maslahatchisi joriy etiladi.
Mazkur lavozim egalari uchun maosh miqdori maktab direktori oʻrinbosarining lavozim maoshiga tenglashtiriladi. Shuningdek, menejerlik sertifikatiga ega boʻlgan maktab maslahatchilariga har oyda 30 foiz miqdorida qoʻshimcha ustama toʻlab berilishi belgilangan.
Shu bilan birga, maktablarda oʻquvchilarning shaxsiy yutuqlari va tashabbuslarini aks ettiruvchi portfolio bazasi joriy etiladi. Maxsus erp.portfolio platformasi orqali shakllantiriladigan ushbu maʼlumotlar bazasi bevosita maktab maslahatchilari tomonidan yuritiladi.
Rejalarga koʻra, 2028–2029-oʻquv yilidan boshlab oʻquvchilar shahodatnomalarida ushbu portfolio maʼlumotlari alohida qayd etiladi.
