“Rektorlar maktabi”: eng yaxshi nomzodlar Garvard universitetida tahsil oladi

“Rektorlar maktabi”: eng yaxshi nomzodlar Garvard universitetida tahsil oladi

Oʻzbekistonda oliy taʼlim muassasalarida rahbarlik salohiyatini oshirish maqsadida yangi tashabbus – “Rektorlar maktabi” loyihasi yoʻlga qoʻyilmoqda. Loyiha doirasida istiqbolli kadrlar saralab olinib, ular “Yangi Oʻzbekiston” universitetida maxsus tayyorgarlik kurslaridan oʻtkaziladi.

 

Saralash natijalariga koʻra, eng yaxshi 30 nafar nomzod Garvard universiteti hamda boshqa yetakchi xorijiy taʼlim markazlarida oʻqish imkoniyatiga ega boʻladi. Ushbu tashabbus orqali rektor va prorektor lavozimlari uchun zamonaviy menejerlar zaxirasi shakllantiriladi.

 

Shuningdek, pedagog kadrlarning malaka oshirish tizimi ham tubdan isloh qilinadi. Hozirgi vaqtda turli yoʻnalishlarda faoliyat yuritayotgan beshta alohida tuzilma yagona markazlashgan tizimga birlashtiriladi. Bu esa takrorlanishlarni oldini olib, yiliga qariyb 420 milliard soʻm mablagʻni tejash imkonini beradi.

 

Tejalgan mablagʻlar zamonaviy metodikalarni ishlab chiqishga, taʼlim jarayonlarini raqamlashtirishga va pedagoglarning malaka oshirishiga yoʻnaltirilishi rejalashtirilgan.