Bilim va malakalarni baholash agentligi 2025-2026-o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida o‘quvchilari o‘rta hisobda eng yuqori ball to‘plagan maktablar ro‘yxatini e’lon qildi. Bu yilgi natijalarga ko‘ra, kuchli uchlikni Xorazm viloyati Yangibozor tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab, Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi hamda Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi egalladi.
Reyting natijalariga ko‘ra, kuchli o‘nlik quyidagicha shakllandi:
1. Xorazm viloyati Yangibozor tumani ixtisoslashtirilgan maktabi — 178,8 ball (6 abituriyent)
2. Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi (Jizzax shahri) — 178,39 ball (34 abituriyent)
3. Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi (Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon shahri) — 175,03 ball (34 abituriyent)
4. Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi (Qashqadaryo, Qarshi shahri) — 174,29 ball (29 abituriyent)
5. Furqat tumani ixtisoslashtirilgan maktabi (Farg‘ona viloyati) — 173,48 ball (10 abituriyent)
6. Qorako‘l tumani ixtisoslashtirilgan maktabi (Buxoro viloyati) — 172,23 ball (61 abituriyent)
7. Gimnastika bo‘yicha Respublika sport maktabi (Toshkent shahri, Yunusobod tumani) — 170,69 ball (10 abituriyent)
8. Guliston tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internat (Sirdaryo viloyati) — 169,98 ball (42 abituriyent)
9. Is’hoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabi (Namangan viloyati, To‘raqo‘rg‘on tumani) — 168,91 ball (38 abituriyent)
10. 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internat (Navoiy shahri) — 167,91 ball (60 abituriyent)
Eslatib o‘tamiz, 2024-yilda respublika reytingida Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi (176,28 ball) birinchi, Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi (161,65 ball) ikkinchi, undan keyin esa Abdulla Oripov, Halima Xudoyberdiyeva, Abdulla Qodiriy kabi ijod maktablari top o‘ntalikni band qilgan edi.
2025-yilda yetakchilik ijod maktablaridan hududiy maktablarga o‘tdi. Xorazmning Yangibozor maktabi 178,8 ball bilan respublika birinchiligini oldi, Buxoro, Sirdaryo va Navoiydagi maktablar ham kuchli o‘nlikdan joy egalladi.
So‘nggi ikki yilgi statistikalar shuni ko‘rsatmoqdaki, ijod maktablari yuqori ballar borasida o‘z mavqeyini saqlab qolmoqda, ammo hududiy maktablarning peshqadam ekanligi ta’lim tizimida raqobatning kengayayotganini ko‘rsatadi. Bir yil ichida o‘rta hisobda ta’lim muassasalarining eng baland reyting ko‘rsatgichi 176,28 balldan 178,8 ballgacha ko‘tarilgani buning yaqqol dalilidir.
