Maktab oshxona va bufetlarini ijaraga berish va uni yuritish tartibi qanday?

Maktab oshxona va bufetlarini ijaraga berish va uni yuritish tartibi qanday?

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda maktab oshxonalari va ularning faoliyati bilan bog‘liq turli fikrlar e’lon qilinmoqda.

 

Mazkur holat bo‘yicha shuni ma’lum qilamizki, bugungi kunda umumta’lim maktablarining oshxona va bufetlarida ovqatlantirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-dekabrdagi “Davlat mulkini ijaraga berish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 660-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari hamda sohaga oid boshqa qonun hujjatlari, ya’ni “E-auksion” savdo platformasi orqali o‘tkazilgan tanlov natijalari asosida, g‘olib deb topilgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan uch tomonlama (“Ijaraga beruvchi” Bo‘sh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi, “Ijaraga oluvchi” tadbirkorlik subyekti va “Balansda saqlovchi” umumta’lim maktabi) tuzilgan shartnomalar asosida tashkil etib kelinadi.

 

Ya’ni, umumta’lim maktablarining oshxona va bufetlarini ijaraga berish qaror talablariga asosan bo‘sh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi tomonidan amalga oshiriladi va shartnomalar tuziladi.

 

Umumta’lim maktablarining oshxona va bufetlarida o‘quvchilarni sifatli va xavfsiz ovqatlantirish O‘zbekiston Respublikasining Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari “Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilar ovqatlanishini tashkil etishning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari to‘g‘risida”gi (0017-21-son SanQvaN) (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil hisobga olindi, hisob raqami 32-son) normativ hujjat asosida tashkil etiladi.

 

Unga ko‘ra, umumta’lim maktablarining 7-11 yosh va yuqori yoshdagi o‘quvchilar uchun ozuqa moddalari va energiyaga bo‘lgan sutkalik ehtiyoji belgilangan bo‘lib, mazkur ehtiyojdan kelib chiqib o‘quvchilar uchun 10 kundik taomnomalar ishlab chiqib, qo‘llanishga tavsiya etilgan.

 

Tadbirkorlik subyekti tomonidan yetkazilayotgan mahsulotlarning sifatini nazorat qilish mahsus jurnaliga yozib boriladi. Shuningdek, oziq-ovqatlar sifatini tekshiradigan (brakeraj) komissiya a’zolari tashkil etilishi belgilangan.

 

Umumta’lim maktablarida ovqatlantirishni tashkil etayotgan tadbirkorlik subyekti tomonidan tayyorlangan va savdoga chiqariladigan oziq-ovqat mahsulotlari sifati maktab (brakeraj komissiyasi) tibbiyot xodimi tomonidan nazoratga olinishi, kunlik sinamalar olinib, sifati kafolatlangandan so‘ng iste’molga ruxsat etilishi belgilangan.

 

Umumta’lim maktablarida o‘quvchilar uchun iste’mol qilinishi ruxsat etilmaydigan oziq-ovqat mahsulotlari va taomlari ro‘yxati shakllantirilgan bo‘lib, ushbu ro‘yxat bilan maktab ma’muriyati ovqatlantirishni tashkil etayotgan tadbirkorlik subyektini tanishtirishi belgilangan.