«University of Business and Science» (UBS) oliygohi ta’sischisi Omon Sultonov, UBS Kuzatuv kengashi raisi, Prof. Elyorjon Jumayev hamda xalqaro reytinglarda yetakchi o‘rinlarni muntazam egallab kelayotgan ta’lim dargohi «Massachusetts Institute of Technology» (MIT) vitse-prezidenti, sun’iy intellekt va ta’lim bo’yicha mashhur olim Prof. Dimitris Bertsimas o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda UBS va MIT universitetlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini kengaytirish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Mazkur hujjatga ko‘ra, endi UBS talabalari va professor-o‘qituvchilari MIT platformasidan foydalanishlari mumkin. Bu platformada zamonaviy ta’lim ko’nikmalarini o‘zida jamlagan qator kurslar mavjud.
Shuningdek, kelajakda UBS universitetining o‘quv dasturlari AQSh universiteti andozasi asosida takomillashtirilishini rejalashtirmoqda.
Ta’kidlash lozim, ushbu uchrashuv UBSning xalqaro miqyosda integratsiyalashgan universitetga aylanishida muhim qadamlaridan biri hisoblanadi.
Oldinroq universitet va mazkur oliygoh vakillari o‘rtasidagi muzokaralar davomida UBSning 100 nafar professor-o‘qituvchilari MITning raqamli platformalari orqali malaka oshirishi bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi.
