Shavkat Mirziyoyev ShHT ga a’zo davlatlarni ilm-fan va innovatsiyalar sohasida hamkorlikka chaqirdi

Shavkat Mirziyoyev ShHT ga a’zo davlatlarni ilm-fan va innovatsiyalar sohasida hamkorlikka chaqirdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-sentabr kuni Tyanjzin shahrida bo‘lib o‘tgan Shanhay hamkorlik tashkiloti (ShHT) Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida ilm-fan, texnologiya va innovatsiyalar masalalariga alohida urg‘u berdi.

 

Davlat rahbari ShHT mamlakatlarining sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar bazalari, robototexnika, biomuhandislik va muqobil energetika kabi yo‘nalishlarda salmoqli ilmiy-texnik salohiyatga ega ekanini qayd etdi. Shu bois, yangi g‘oyalarni ishlab chiqish, ilg‘or tashabbuslarni ilgari surish va texnologiyalar transferini yo‘lga qo‘yish uchun ShHT innovatsion-texnologik tarmog‘ini tashkil etish zarurligini taklif qildi.

 

Prezident, shuningdek, “ShHT universiteti” sheriklik tarmog‘i doirasida onlayn kampus yaratish, yoshlar o‘rtasida innovatsion tanlov va olimpiadalarni muntazam o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi. Mazkur choralar nafaqat ta’lim va gumanitar almashinuvlarni kengaytirishga, balki yoshlarning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

 

Bundan tashqari, iqlim o‘zgarishi va ekologik xavflarni oldindan prognozlashda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish zarurligi qayd etildi. Startap va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida venchur kompaniyalari va jamg‘armalari tarmog‘ini shakllantirish tashabbusi ham ilgari surildi.

 

Prezident Mirziyoyevning ta’kidlashicha, ilm-fan, texnologiya va innovatsiyalar sohasidagi bunday hamkorlik ShHT makonida iqtisodiy o‘sish, barqaror taraqqiyot va yosh avlod uchun yangi imkoniyatlarni yaratishga xizmat qiladi.