Joriy yilda ham kontraktga kirgan qizlarga davlat byudjetidan to‘lov-kontrakt summasi qoplab beriladi. Buning uchun 15-sentyabrgacha kontrakt.edu.uz saytidan onlayn ariza berish kerak bo‘ladi. Lekin hali ariza berish boshlangani yo‘q, avval bugungi mandat natijalari to‘liq bazaga kiritilishi kerak. Qachon ochilsa, qo‘shimcha xabar beriladi.
Shuningdek, joriy yildan birinchi marta magistraturada kechki va masofaviy ta’lim shakli ham ochildi. Bunda kechki yoki masofaviyga kirgan qizlarga ham davlat byudjetidan kontraktlari qoplab beriladi.
Magistraturada joriy yilda ham qo‘shimcha qabul ochilishi kutilmoqda. Qo‘shimcha qabul bakalavrdagi super-kontraktga teng. Ya’ni kira olmaganlar uchun qo‘shimcha kvota ajratiladi. Lekin asosiy farqi — magistraturada qo‘shimcha qabul kontrakti ancha arzon bo‘ladi. Bunda qo‘shimcha qabulga kirganlar 1 nafar talabani o‘qitishning haqiqiy xarajat summasini to‘lasa kifoya.
Bu nima degani?
Masalan, mutaxassislikka qarab, 1 nafar talabani o‘qitish xarajati taxminan 15-25 mln so‘m atrofida bo‘ladi. Lekin davlat talabalarga yengillik bo‘lsin deb, kontrakt summasini haqiqiy xarajatdan arzonroq qilib belgilaydi, qolgan zararni qoplash uchun oliygohlarga byudjetdan subsidiya beradi.
Ya’ni, oddiy kontraktga kirganlar 10 mln so‘m to‘lasa, qo‘shimcha kontraktga kirganlar 15 mln so‘m to‘laydi. Magistraturada bakalavrdagi super-kontraktga o‘xshab, 7 baravar yoki 15 baravar to‘lash degan narsa yo‘q.
Eslatma! Qo‘shimcha qabulga kirgan xotin-qizlarning kontrakt puli byudjetdan qoplab berilmaydi. Birinchi kursda ham, ikkinchi kursda ham. Ular ikki yil haqiqiy xarajatni to‘laydi, ikkinchi kursga o‘tganda oddiy kontrakt to‘layman, deb o‘ylashmasin. Lekin qo‘shimcha qabulga kirganlar grant taqsimotida ishtirok etishi mumkin, agar natijasi yaxshi bo‘lsa, 2-kursda grantga o‘ta oladi.
Ma’lumot uchun, joriy yilda magistratura uchun qishki qabul rejalashtirilmagan.
