“Litsenziya berilganmish, berilmaganmish” — litsenziyalash tizimi atrofidagi muammolarga jamoatchilik nima demoqda?

“Litsenziya berilganmish, berilmaganmish” — litsenziyalash tizimi atrofidagi muammolarga jamoatchilik nima demoqda?

Kecha, 29-iyul sanasida bir qancha nodavlat oliy ta’lim muassasalari «Litsenziya» axborot tizimida tomonidan litsenziya taqdim etilgani haqida xabar berdi. Ammo, keyinroq Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi bir qancha universitetlar taqdim etayotgan litsenziyalar hech qanday huquqiy asosga ega emasligi va ularga taqdim etilgan xulosalar esa «Litsenziya» axborot tizimidagi texnik nosozlik sabab kelib chiqqanini ma’lum qildi.

 

«2025-yil 29-avgust kuni soat 06:19 dan 09:53 gacha license.gov.uz axborot tizimida yuzaga kelgan texnik nosozlik sababli, ko‘rib chiqish muddati tugamagan arizalar bo‘yicha ayrim nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarining amaldagi litsenziyalariga o‘zgartirish kiritish haqidagi so‘rovlariga tizim tomonidan belgilangan talab buzilgan holda ijobiy xulosalar shakllantirilgan.

Mazkur holat texnik xatolik hisoblanib, hozirda uning sabablari tegishli idoralar bilan hamkorlikda chuqur o‘rganilmoqda. Yakuniy xulosalar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot jamoatchilikka taqdim etiladi.

Shu bilan birga, ta’lim tashkilotlariga yangi ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklari, taʼlim shakllari hamda faoliyat manzillari bo‘yicha qabul jarayonlarini tashkil etish uchun hech qanday ruxsat berilmaganini alohida ta’kidlaymiz», – deyiladi vazirlik xabarida.

 

 

Biroz vaqt o’tgach esa Adliya vazirligi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining rasmiy bayonotiga nisbatan raddiya berdi. Keltirilishicha, tizimda hech qanday nosozlik kuzatilmagan va «Litsenziya» axborot tizimi shtat rejimida ishlamoqda.

 

“Litsenziya” axborot tizimi (license.gov.uz)da texnik nosozliklar hamda ruxsat etilmagan harakatlar kuzatilmagan va tizim shtat rejimida ishlab turibdi», – deyiladi Adliya vazirligi xabarida.

 

«Har bahor shu boʻlar takror»

 

Ushbu holat keng jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab bo’ldi. Jumladan, tadbirkor Bektosh Hatamovning yozishicha, bu kabi texnik nosozlik sabab litsenziya berildi deb izohlangan holat birinchi emas va avval ham kuzatilgan. Bektosh Hatamovga ko’ra, qonunchilikda shu kabi holatda vakolatli organlar ehtimol tutilgan barcha oqibatlar uchun javobgar boʻlishi belgilangan.

 

«2024-yil 25-sentyabrda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar universiteti 2024-yil 21-avgustda “Abu Rayhon Beruniy universiteti” NTMga yangi universitet uchun litsenziya berilganligini, lekin bu litsenziya tizimdagi texnik xatolik sababli berilganligini va litsenziyani bekor qilish boʻyicha iqtisodiy sudga ariza kiritilganligi haqida bayonot bergan edi.

Lekin keyinchalik sudning natijasi haqida hech qanday maʼlumot berilmadi, hozirda “Abu Rayhon Beruniy universiteti” faoliyat olib bormoqda va bu universitetda ham yuridik yoʻnalish mavjud.

Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonunining 28-moddasiga asosan vakolatli organ tomonidan ariza belgilangan muddatlarda koʻrib chiqilmagan taqdirda tizim tomonidan ijobiy xulosa avtomatik ravishda shakllanadi va talabgor belgilangan davlat bojini yoki yigʻimni toʻlaganidan keyin maxsus elektron tizim vositasida unga litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat beriladi.

Bunda talabgor litsenziyasiz va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatsiz faoliyat bilan shugʻullanganlik uchun javobgarlikka tortlishi mumkin emas hamda vakolatli organlar ehtimol tutilgan barcha oqibatlar uchun javobgar boʻlishi belgilangan.

Huquqiy jihatdan @profiuniversity va boshqa universitetlar olgan litsenziyalar toʻgʻri, shunday ekan, hech qanday texnik nosozlik litsenziyani haqiqiy emas qilib qoʻya qolmaydi», – deydi tadbirkor.

 

 

«Bunqasi faqat Oʻzbekistonda boʻladi»

 

Iqtisodchi hamda @bakiroo telegram kanali muallifi Otabek Bakirov qonunchilik bo‘yicha, litsenziyalash sohasidagi vakolatli organlar ushbu vakolatli organlar tomonidan litsenziyalanadigan faoliyatni amalga oshiradigan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarni tashkil etishga yoki ularning faoliyatida muassislar, aktsiyadorlar yoxud ishtirokchilar sifatida ishtirok etishga haqli emasligi haqida eslatdi.

 

«Bunqasi faqat Oʻzbekistonda boʻladi. Oliy taʼlim vazirligi (ham universitetlarga egalik qiladigan, ham litsenziya beradigan shunaqa gʻaroyib vazirlik bor haliyam) beshta universitetga bir nechta qoʻshimcha yoʻnalishlar boʻyicha berilgan litsenziyalarni texnik xatolik, deb eʼlon qilmoqda.

Tasavvur qiling, masalan Markaziy bank XXX, UUU, ZZZ banklariga litsenziya bersa-da, saytiga yoki litsenzion portalga ularning litsenziyasi joylangach, bu texnik xatolik boʻlgan ekan deb tursa. Kim ishonadi? Ishondiyam deylik, bundan keyin reputatsiya nima boʻladi? Diskreditatsiya boʻlgan organning avvalgi va keyingi qarorlari ham shubha ostida qoladimi?

Qonunchilik boʻyicha, Litsenziyalash sohasidagi vakolatli organlar ushbu vakolatli organlar tomonidan litsenziyalanadigan faoliyatni amalga oshiradigan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarni tashkil etishga yoki ularning faoliyatida muassislar, aksiyadorlar yoxud ishtirokchilar sifatida ishtirok etishga haqli emas deb aniq yozib qoʻyilgan. Lekin Oʻzbekistonda boʻlaveradi, qonunlardan istisnolar va mustasnolar ustun», – deb yozgan Bakirov.

 

«Litsenziya berilganmish, berilmaganmish?»

 

Ta’lim bo’yicha ekspert Komil Jalilov esa, nodavlat oliy ta’lim muassasalariga ularga raqobatchi bo’lgan oliy ta’lim vazirligining litsenziya berishini mantiqsiz deb izohlagan. Shuningdek, Jalilovning ta’kidlashicha, vazirlik «tizim»ni bahona qilib berilgan litsenziyani bekor qilish vakolatiga ega emas.

 

«Davlat OTMlarining «egasi» bo’lgan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi davlat OTMlarining raqobatchisi bo’lgan nodavlat OTMlarga litsenziya beruvchi etib tayinlanishi qonunchilikka ham, mantiqqa ham to’g’ri kelmaydi. Bu – qiyshiq mexanizm va u to’g’rilanishi kerak.

Yana bir muhim narsa. Qonun bo’yicha, litsenziya bergan organ faqat litsenziyani o’n kungacha to’xtatib qo’yishi mumkin (qonunda belgilangan hollarda). Undan oshiq muddatda litsenziyani to’xtatish uchun sud qarori kerak. Vakolatli organ litsenziyani faqat litsenziya olgan yuridik shaxs litsenziyani bekor qilish murojaat qilsa, yuridik shaxs (YATT) tugatilsa, jismoniy shaxs muomalaga layoqatsiz deb topilsa, litsenziya uchun yig’im to’lanmasa bekor qilishi mumkin. Qolgan hollarda litsenziyani sud bekor qiladi. Va «texnik xatolik» vaji bilan litsenziyani bekor qilish qonunda nazarda tutilmagan. Shunday ekan, vazirlik «tizim»ni bahona qilib berilgan litsenziyani bekor qilish vakolatiga ega emas», – deydi Komil Jalilov.

 

«Vaziyat rostdan qiziq va sirli»

 

Huqushunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning yozishicha, u vazizlik va litsenziya olgan OTMlar bilan ham gaplashgan. Unga ko’ra, ushbu holat bilan tegishli tashkilotlar shug‘ullanishni boshlagan, ularning tekshiruvidan so‘ng, xulosalar ma’lum bo‘ladi.

 

«Masalaga oydinlik kiritish maqsadida litsenziya beradigan mas’ullar bilan gaplashdim. Litsenziya olganlar bilan ham. Vaziyat rostdan qiziq va sirli. Vazirlik aytganidek, bu bilan tegishli tashkilotlar shug‘ullanishni boshlagan, ularning tekshiruvidan so‘ng, xulosalar ma’lum bo‘ladi, hozircha biron narsa deyishga erta.

Men boshida muddati tugagan arizalarga avtomatik ariza shakllantirilgan deb o‘ylagandim. Lekin beshala oliygohning ham arizalari muddati hali tugamagan ekan. Demak, kimdir qasddan tasdiqlash tugmasini bosgani aniq. Ammo bu safar litsenziya beruvchi asosiy va yagona mas’ul o‘sha tugmani bosmagan, bunisi ham aniq. Uning o‘rniga boshqa bir mas’ul nomidan litsenziyalar berilgan, lekin menga aytishlaricha, u ham o‘sha tugmani bosmagan va o‘zi umuman unda huquq ham bo‘lmagan.

Litsenziya olgan oliygohlar ham litsenziya uchun to‘lovni qilmagan, kimdir ular uchun to‘lovni amalga oshirgan. Xullas, bu mavzuga hali yana qaytamiz. Tekshiruv xulosalaridan keyin faqat. Ungacha aytadigan gaplarimiz shubha-gumon bo‘lib qolishi mumkin, kim rost gapirdi-yu, kim aldadi, bunisi sal keyinroq ma’lum bo‘ladi», – deydi Xushnudbek Xudoyberdiyev.