Farg‘ona viloyatida noqonuniy tartibda diniy ta’lim berish holatlari aniqlangan. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar bergan.
Xabarda keltirilishicha, huquq tartibot idoralari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar davomida Qo‘qon shahri Sunbula MFYda faoliyat yuritib kelayotgan uy bog‘chasida 43 nafar bolalarga tegishli ma’lumot va ruxsatsiz diniy ta’lim berib kelinayotgani aniqlangan. Surishtiruvlardan ma’lum bo‘lishicha, mazkur muassasa uy bog‘chasi nomi ostida faoliyat yuritib, 2024-yil may oyidan beri diniy saboq berish evaziga har bir boladan 450 ming so‘mdan haq olib kelgan.
Shuningdek, Marg‘ilon shahri Toshloqtepa MFYda joylashgan xonadonlardan birida uyda diniy ta’lim berish tashkil etilgani aniqlangan. Tafsilotlarga ko‘ra, 2005-yilda tug‘ilgan shaxs Navro‘z mahallasida joylashgan va boshqa bir fuqaroga tegishli bo‘lgan xonadonda 6 nafar bolaga bir oydan beri noqonuniy diniy saboq berib kelayotgani aniqlangan.
Marg‘ilondagi boshqa bir holatda Nurafshon MFYda istiqomat qiluvchi 1979-yilda tug‘ilgan shaxs o‘z yashash manzilida Farg‘ona shahrida yashovchi 2004-yilda tug‘ilgan sherigi bilan 5 nafar bolaga noqonuniy diniy saboq berib kelayotganligi aytiladi.
Hozirda mazkur shaxslar hamda farzandlarini shunday muassasalarga topshirgan ota-onalarni javobgarlikka tortish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda, deyiladi DXX xabarida.
Avvalroq Qashqadaryoning Kitob tumanida 9 nafar bolaga 100 dollardan haq evaziga uy sharoitida noqonuniy diniy ta’lim berib kelgan shaxs faoliyatiga chek qo‘yilgani xabar qilingan edi.
Shuningdek, Andijon, Xorazm va Namangan viloyatlarida voyaga yetmaganlarga noqonuniy diniy ta’lim berib kelganlar aniqlangan. Holatlar bo‘yicha jinoiy ish ochilib, bolalarning ota-onalariga bayonnoma rasmiylashtirilgan.
