Endi 1–3 kurslar ta’lim dasturlari xalqaro TOP-300 reytingli universitetlar dasturlari asosida takomillashtiriladi

Endi 1–3 kurslar ta’lim dasturlari xalqaro TOP-300 reytingli universitetlar dasturlari asosida takomillashtiriladi
28-avgust kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov raisligida Hay’at majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda 2025/2026-o‘quv yiliga tayyorgarlik, bitiruvchilar bandligini ta’minlash hamda yoshlarni ma’naviy-ma’rifiy tarbiyalash masalalari ko‘rib chiqilgan.

 

Shuningdek,  oliy ta’lim muassasalari rahbarlariga 25 daqiqada 1 946 ta kichik robotni yig‘ib, O‘zbekiston nomini “Ginnes rekordlar kitobi” ga kirishiga sababchi bo’lgan talaba-o‘quvchilar, faol ishtirok etgan ustozlar munosib rag‘batlantirish aytib o’tildi.

 

Ta’kidlanishicha, yangi o‘quv yilidan boshlab 1–3 kurslar ta’lim dasturlari xalqaro TOP-300 reytingli universitetlar dasturlari asosida takomillashtiriladi. Shuningdek, bakalavriatning 18 yo‘nalishi va magistraturaning 14 mutaxassisligi bo‘yicha yagona o‘quv-me’yoriy hujjatlar joriy etiladi. Kredit ta’limi tizimida esa “Kredit haftasi” amaliyoti joriy qilinib, talabalarning bilim olish jarayoni xalqaro tajriba asosida tashkil etiladi.

 

Ilm-fan va innovatsiyalar bo‘yicha hisobotda oliygohlarda ilmiy salohiyat 46,6 foizga yetgani qayd etildi. Ayrim universitetlarda bu ko‘rsatkich 70–80 foizdan oshgan bo‘lsa-da, ayrimida 30–40 foiz darajasida qolmoqda. Shu bois, vazirlik rahbariyati tomonidan 2025-yil yakuniga qadar ilmiy salohiyatni 55 foizga yetkazish, doktorantlar dissertatsiyalarini o‘z vaqtida himoya qilish ko‘rsatkichini 50 foizga chiqarish hamda ilmiy maqolalarning kamida 30 foizini Q1–Q2 jurnallarda nashr etish vazifalari belgilandi.

 

Shuningdek, xo‘jalik shartnomalari va tijoratlashtirilgan loyihalar hissasini oliygohlar daromadining 20 foiziga yetkazish topshirildi.

 

Bitiruvchilar bandligi kun tartibining asosiy masalalaridan biri bo‘ldi. Prezident rahbarligida 8-avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilangan topshiriqlarning ijrosi muhokama qilindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda 226,7 ming bitiruvchidan 140 ming nafari ish bilan ta’minlangan, 73,4 ming nafari esa (32,4 foiz) band emas. Yil yakuniga qadar barcha bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Shu maqsadda har bir oliygohda “Bitiruvchilar balansi” yuritilishi va respublika shtabiga taqdim etilishi shartligi ta’kidlandi.

 

Keyingi masala yoshlar tarbiyasi va talabalar turmush sharoitini yaxshilashga qaratildi. Yoshlarni milliy qadriyatlarga sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida 2025–2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiya ishlab chiqildi. Yangi o‘quv yilidan “Ma’rifat darslari” uchun raqamli kontentlar milliytarbiya.uz platformasiga joylashtiriladi. Shuningdek, talabalar faolligini baholash uchun “Ijtimoiy faollik indeksi” platformasi joriy etiladi.

 

Talabalarni ommaviy sport bilan qamrov darajasi 50 foizga yetkazilishi belgilandi. Talabalar turar joylarini ta’minlash masalasi alohida ko‘rib chiqilib, 2025-yil holatiga ko‘ra 368 ta yotoqxonada 146 mingdan ortiq o‘rin yaratilgani, yangi 18 ta yotoqxona va 1 000 o‘rinli o‘quv binolari foydalanishga topshirilgani qayd etildi.