AQSHda Tramp ma’muriyati chet ellik talabalar, madaniy almashinuv dasturi ishtirokchilari va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun vizalarning amal qilish muddatini cheklovchi yangi tartibni taklif qildi. Bu haqda ‘‘Reuters’’ axborot agentligi xabar berdi.
Yangi tartibga ko‘ra, xalqaro talabalar uchun F vizalari, madaniy almashinuv ishtirokchilari uchun J vizalari va jurnalistlar uchun I vizalari aniq belgilangan muddat bilan beriladi. Hozirda bu vizalar dastur yoki ish muddati davomida amal qiladi.
2024-yilda AQSHda 1,6 millionga yaqin xalqaro talaba F vizasi asosida o‘qigan. Shuningdek, 355 mingga yaqin almashinuv dasturi ishtirokchisi va 13 mingga yaqin jurnalistga vizalar berilgan.
Taklif etilayotgan reglamentga ko‘ra:
— talabalar va almashinuv dasturi ishtirokchilari uchun vizalar muddati 4 yildan oshmasligi kerak;
— jurnalistlar uchun esa vizalar 240 kungacha, Xitoy fuqarolari uchun esa 90 kungacha etib belgilanadi.
Vizasi muddati tugagan shaxslar uzaytirish uchun alohida ariza topshirishlari kerak bo‘ladi.
AQSH Tramp ma’muriyati ushbu o‘zgarishlar viza egalarini mamlakatda bo‘lgan vaqtida yaxshiroq nazorat qilish maqsadida kiritilayotganini bildirdi. Taklif jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim etilib, fuqarolar 30 kun davomida unga izoh va takliflar bildirishlari mumkin bo‘ladi.
