Qo‘shimcha davlat granti va oliy ta’lim tashkiloti granti natijalari qachon e’lon qilinadi?

Qo‘shimcha davlat granti va oliy ta’lim tashkiloti granti natijalari qachon e’lon qilinadi?
Hukumatning tegishli qarori bilan, davlat granti talabalar orasida har yili qayta taqsimlanishi belgilangan. Bundan tashqari davlat oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirib, muayyan o‘quv yili bo‘yicha GPA ko‘rsatkichi 4 va undan yuqori bo‘lgan, belgilangan toifadagi talabalarga navbatdagi o‘quv yili uchun qo‘shimcha davlat granti taqdim etiladi. Ushbu grantga da’vogarlik qiladigan toifadagilar talabalar ro’yxati har yili Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanishi belgilangan.
Belgilangan nizomga ko’ra, talabgorlar o‘z arizalari bilan har yili 20-iyulga qadar oliy ta’lim tashkilotining rasmiy veb-sayti orqali ro‘yxatdan o‘tadi. Joriy yilda grant uchun arizalarni berish 10-avgustga qadar davom etdi. Ro‘yxatdan o‘tgan talabgorlarning arizalari har yili:
– akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichini aniqlash bo‘yicha komissiya tomonidan GPA ko‘rsatkichi 4 va undan yuqori ekanligi;
– Ijtimoiy faollikni aniqlash bo‘yicha komissiya tomonidan haqiqatda talabgorning belgilangan toifadagi talaba ekanligi ko‘rib chiqilib, baholanadi.
Maxsus komissiya talabgorlarning ma’lumotlarini umumlashtirib, qo‘shimcha davlat grantiga tavsiya etiladigan talabalar ro‘yxatini har yili 20-avgustga qadar oliy ta’lim tashkiloti rektoriga (direktoriga) taqdim etadi. Qo‘shimcha davlat granti taqdim etilgan talabalar har yili 5-sentabrga qadar oliy ta’lim tashkiloti tomonidan xabardor qilinadi.
Shuningdek, hukumat qarori bilan moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim tashkilotida GPA ko‘rsatkichi 3,3 dan 4 gacha bo‘lgan belgilangan toifadagi talabalarga navbatdagi o‘quv yili uchun oliy ta’lim tashkiloti granti taqdim etilishi belgilangan.

Bunda moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim tashkilotlari har yili o‘zlarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan miqdorda oliy ta’lim tashkiloti grantini taqdim etadi.

 

Bunda oliy ta’lim tashkiloti granti taqdim etilgan talabaning GPA ko‘rsatkichi:

 

3.3- 3,39 bo‘lganda — to‘lov-kontrakt summasining 20 foizi;

3.4- 3,49 bo‘lganda — to‘lov-kontrakt summasining 30 foizi;

3.5- 3,59 bo‘lganda — to‘lov-kontrakt summasining 40 foizi;

3.6- 3,69 bo‘lganda — to‘lov-kontrakt summasining 50 foizi;

3.7- 3,79 bo‘lganda — to‘lov-kontrakt summasining 60 foizi;

3.8- 3,89 bo‘lganda — to‘lov-kontrakt summasining 70 foizi;

3.9- 3,99 bo‘lganda — to‘lov-kontrakt summasining 80 foizi miqdoridagi qismi ushbu oliy ta’lim tashkilotining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

 

Bunda talabgorlar o‘z arizalari bilan har yili 20-iyulga qadar oliy ta’lim tashkilotining rasmiy veb-sayti orqali ro‘yxatdan o‘tadi. Natijalar har yili 5-sentyabrga qadar e’lon qilinadi.