O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) hamkorligida amalga oshirilayotgan “Yoshlarning raqamli iqtisodiyot va raqamli tadbirkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi doirasida Tech4Impact nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan qizlar va ayollar uchun noyob stajirovka dasturi yo‘lga qo‘yildi.
Dastur kimlar uchun mo‘ljallangan?
Stajirovka dasturida ishtirok etish imkoniyati:
– oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan qizlarga;
– IT yo‘nalishi bo‘yicha universitetni tamomlagan, biroq amaliy tajribasi yetarli bo‘lmagan bitiruvchilarga;
– o‘z faoliyatini endigina boshlagan, 18–28 yoshdagi yosh mutaxassislarga taqdim etiladi.
Ishtirokchilar O‘zbekistonning istalgan hududidan ariza topshirishi mumkin. Stajirovkalar asosan Toshkent shahridagi yirik IT-kompaniyalarda tashkil etiladi.
Dastur shartlari va imkoniyatlari
Stajirovka muddati: 2 oy. Ishtirokchilar stipendiya bilan ta’minlanadi, u Toshkentda yashash va ishlash uchun barcha xarajatlarni qoplashga yetadi.
Dastur davomida ishtirokchilar:
—kompaniya faoliyatiga hissa qo‘shadi;
—amaliy ko‘nikmalar hosil qiladi;
—shaxsiy loyihasini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi;
—rezyumesini yangi tajriba bilan boyitadi.
Stajirovka yakunida ishtirokchilar mehnat bozorida yanada raqobatbardosh bo‘lib, o‘zlari stajirovkadan o‘tgan kompaniyalarda doimiy ish o‘rinlariga da’vogarlik qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Saralash jarayoni
Arizalar topshirilgach, dastlabki tanlov asosida eng istiqbolli ishtirokchilar onlayn intervyuga taklif etiladi. Yakunda 30 nafar eng munosib nomzod tanlab olinadi.
Ariza topshirish muddati
Arizalar 2025-yil 1-sentyabr kuni, soat 23:59 gacha qabul qilinadi.
Muhim ahamiyati shundaki, mazkur dastur O‘zbekistonda qizlar va ayollarning raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularni IT sohasida faoliyat yuritishga rag‘batlantirish va mehnat bozorida teng imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
