Daniya hukumati kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va yoshlar orasida oʻqishga qiziqishni oshirish maqsadida 25 foizlik qoʻshilgan qiymat soligʻini (QQS) bekor qilishini maʼlum qildi.
Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, bu tashabbus mamlakat byudjetiga yiliga qariyb 330 million kron (taxminan 44 million yevro)ga tushadi. Shunga qaramay, madaniyat vaziri Yakob Engel-Shmidt bu qarorni “Daniyaning kelajakdagi madaniy rivojiga sarmoya” sifatida baholadi.
OECD tomonidan oʻtkazilgan soʻnggi tadqiqot natijalari ham hukumat qaroriga asos boʻldi. Hisobotga koʻra, Daniyada 15 yoshli oʻquvchilarning qariyb 24 foizi oddiy matnni ham toʻliq tushunishda qiynaladi. Bu koʻrsatkich oxirgi oʻn yil ichida toʻrt foizga oshgan. Mutaxassislar buni asosan oʻquvchilar orasida oʻqishga qiziqishning pasayishi va gadjetlardan haddan tashqari foydalanish bilan izohlamoqda.
Madaniyat vaziri Engel-Shmidt bu qaror orqali kitob narxlari arzonlashishini, natijada aholining kitoblarga boʻlgan qiziqishi ortishini taʼkidladi:
“Biz oʻqish inqiroziga barham berishni istasak, barcha imkoniyatlardan foydalanishimiz kerak. Shu bois bu qaror madaniyatimiz uchun muhim sarmoya boʻladi”, – dedi u Ritzau axborot agentligiga.
Qiyos uchun, boshqa Skandinaviya davlatlarida kitob soligʻi pastroq darajada yoki umuman mavjud emas. Masalan, Norvegiyada kitob sotuvlari umuman soliqqa tortilmaydi, Finlyandiyada soliq stavkasi 14 foiz, Shvetsiyada esa atigi 6 foizni tashkil etadi.
Daniya hukumati mazkur qaror orqali yoshlarni koʻproq oʻqishga jalb etish, aholining savodxonligini oshirish va milliy madaniyatni qoʻllab-quvvatlashni maqsad qilgan.
