Prezidentning 2025-yil 21-avgustdagi PQ-262-son “Oʻzbekistonda futbol sohasini raqamlashtirish va ommaviyligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Unga ko’ra, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida “Legionerlar klubi” faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. “Legionerlar klubi”ga xorijda faoliyat yuritayotgan (yuritgan) oʻzbekistonlik yuqori mahoratli professional futbolchilar va boshqa futbol mutaxassislari jalb qilinadi.
Ma’lumot uchun, legioner – shartnoma boʻyicha oʻz klubi (jamoasi)dan boshqa (odatda xorijiy) klubga oʻtib, oʻsha klub uchun oʻynovchi sportchi.
Klub aʼzolariga respublikadagi futbol akademiya va maktablari biriktiriladi.
Davlat sport taʼlim tashkilotlarining boʻsh turgan yer uchastkalari keyinchalik nodavlat futbol taʼlim tashkilotlari va futbol klublarini tashkil etish uchun davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida “Legionerlar klubi” aʼzolariga ajratiladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan boshlab:
– futbol akademiya va maktablari, shu jumladan, futbol seksiyalari mavjud sport maktablari bosqichma-bosqich axborot tizimiga ulanadi;
– tajriba-sinov tariqasida futbol akademiya va maktablarining o’quv mashg’ulotlarini onlayn kuzatish, futbolchilar seleksiyasi hamda tibbiy va jismoniy ko’rsatkichlarini monitoring qilish axborot tizimi orqali amalga oshirilishi belgilangan.
