Rossiya Ta’lim vazirligi 5–7-sinflarda ingliz tilini o‘qitish hajmini haftasiga ikki soatgacha tushirishni rejalashtirmoqda. Qaror o‘quv yuklamasini optimallashtirish bilan izohlanadi.
Ta’lim vazirligi «Boshlang‘ich, asosiy va o‘rta umumiy ta’lim bo‘yicha federal ta’lim dasturlariga taalluqli ayrim buyruqlarga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi buyruq loyihasini ishlab chiqqan.
Yangi tartibga ko‘ra, 5–7-sinflarda chet tillarini o‘rganish darslari haftasiga ikki soatgacha belgilanishi ko‘zda tutilgan. Vazirlikka ko‘ra, loyiha «yuklamani optimallashtirish va o‘quv vaqtini oqilona taqsimlash» maqsadida qabul qilinmoqda.
«Dars soatlarini qisqartirish fan bekor qilinishi degani emas, balki o‘quv rejasida optimal muvozanatni topishga qaratilgan. Belgilangan soatlar doirasida chet tilini o‘zlashtirishning asosiy (bazaviy) darajasi ta’minlanadi», — deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, 5–7-sinf o‘quvchilari uchun yangi fan — «Rossiyaning ma’naviy-axloqiy madaniyati» joriy etiladi. Unda o‘quvchilar davlat va jamoat arboblarining hayoti, xatti-harakatlari va shaxsiy fazilatlari bilan tanishtiriladi.
«Bolalar va o‘smirlarda an’anaviy qadriyatlarga asoslangan dunyoqarashni shakllantirishga qaratilgan ushbu fan Rossiya Federatsiyasi Prezidentining topshirig‘iga binoan 2026/27 o‘quv yilidan joriy etiladi», — deyiladi vazirlik bayonotida.
«Rossiyaning ma’naviy-axloqiy madaniyati» fanini o‘rganishga 5-sinfda — 17 soat, 6 va 7-sinflarda — har birida 34 soat ajratilishi belgilangan.
