2025–2026-o‘quv yilidan boshlab Belgiyadagi boshlang‘ich va o‘rta maktablarda smartfon hamda boshqa elektron qurilmalardan ta’limdan tashqari maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi. Bu haqda The Brussels Times axborot portali xabar berdi.
Yangi tartib mamlakatning barcha hududlarida amal qiladi. Ushbu cheklov faqat tibbiy ko’rsatmalar bilan bog’liq holatlar yoki favqulodda vaziyatlar uchun amal qilmaydi.
Uchta til hamjamiyatining (fransuz, flamand, nemis) tartib-qoidalaridagi farqlarga qaramay, yangi taqiq butun Belgiya hududida amalda bo’ladi. Shu bilan birga, maktablar qoidalar buzilganda jazo choralarini o’zlari mustaqil ravishda belgilash huquqiga ega bo’ladi.
Ma’lumot uchun, 2024–2025-o‘quv yilidan e’tiboran Valloniya va Bryussel hududlaridagi fransuz tilida ta’lim beriladigan boshlang‘ich maktablarda mobil qurilmalardan foydalanish cheklangan, o‘rta maktablarda esa bu borada «cheklovchi» tartib joriy etilgan.
Nemis tilida so’zlashuvchi aholi yashaydigan maktablarda smart-soatlar va mobil telefonlarga ulanadigan boshqa qurilmalardan foydalanish qat’iyan taqiqlanmoqda. Ushbu cheklovlar nafaqat dars jarayonida, balki tanaffus vaqtida ham amalda bo’ladi.
Niderland tilida (flamand) ta’lim beriladigan maktablarda esa ilgari bolalar bog‘chalari va boshlang‘ich maktablarda amalda bo‘lgan ushbu tartib endilikda o‘rta maktablarga ham tatbiq etiladi.
Ushbu yangi choralar o‘quvchilar diqqatini darslarga jamlash, o‘quv muhitini yaxshilash va ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan.
Belgiya Statistika boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat aholisining qariyb 17 foizi 15 yoshgacha bo‘lgan bolalardan iborat. Belgiyada yangi o‘quv yili fransuz tilidagi maktablarda 25-avgustda, qolgan hududlarda esa 1-sentyabrdan boshlanadi.
