O’qishga kirolmagan abituriyentlarga oltinchi imkoniyatni berish tartibi qachondan boshlanadi?

O’qishga kirolmagan abituriyentlarga oltinchi imkoniyatni berish tartibi qachondan boshlanadi?

8-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining bandligini taʼminlash masalalari yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

 

Yig‘ilishda Prezident abituriyent tanlov qilgan 5 ta oliygohdan birortasiga kira olmagan taqdirda, agar uning to‘plagan bali boshqa oliygohdagi to‘lmay qolgan yo‘nalishga mos kelsa, ushbu oliygoh rektori tomonidan u kontrakt asosida qabul qilinishini aytib o‘tdi.

 

Yakuniy mandat natijalari e’lon qilingandan so‘ng, o‘qishga kirolmagan ko‘plab abituriyentlar tomonidan tahririyatimizga ushbu masala yuzasidan savollar kelib tushdi.

 

Bu imkoniyat qachondan kuchga kirishi va qay tartibda amalga oshirilishi yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirlik mutaxassislari bilan bog‘landik.

 

Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, bu imkoniyatni amaliyotga joriy etish uchun rasmiy hujjat hali tasdiqlanmagan. Prezident topshirig‘i asosida hozirda hujjat loyihasi ustida ish olib borilmoqda.

 

Hujjat tasdiqlangach, vazirlik rasmiy sahifalari orqali bu haqida e’lon qilinadi.

 

Shuningdek, Prezident topshirig‘i asosida qaror ishlab chiqish jarayoni qancha muddat davom etishi noma’lumligi, shu sababli bu tartib qachondan kuchga kirishi haqida aniq ma’lumot yo‘qligi aytildi.