Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent davlat stomatologiya instituti talabalari majburan harbiy harakatlar hududiga oʻqishga yuborilayotgani haqida videolar tarqaldi. Videoda bir guruh talabalar ularni urush hududiga borishga majburlashayotgani haqida gapirgan.
“Eski ToshMI” (TDTU)ning qo’shma ta’lim dasturi talabalarini majburiy ravishda Nijniy Novgorodga — harbiy holat eʼlon qilingan hududga oʻqishga yuborishyapti. Aynan shu yerda kecha Ukraina QK BPLA hujumidan keyin bir kishi halok boʻldi, ikki kishi yaralangan. Avvalgi rektor oʻqishni Qozogʻistonga koʻchirishni vaʼda qilgan edi, ammo yangi rektor Baymuradov bu qarorni amalga oshirishdan bosh tortdi.
Talabalar oldiga shart qoʻyildi: yoki Rossiyaga ketasiz, yoki oʻqishingiz bekor qilinadi. Bu haqda faqat yaqinda maʼlum qilindi — chunki xususiy tibbiyot universitetlari koʻchirma talabalarni qabul qilishni toʻxtatgani sababli, talabalar alternativasiz qolishdi», – deydi talabalar video murojaatda.
Holat yuzasidan Toshkent davlat tibbiyot universiteti rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, videodagi barcha talabalar hamkorlikdagi qoʻshma taʼlim dasturiga oʻqishga qabul qilingan. Bu dasturga koʻra, ular oʻz oʻqishlarini xorijdagi hamkor oliy taʼlim muassasasida davom ettirishlari shart hisoblanadi. Har bir talabalar bilan shartnoma tuzilgan boʻlib, unga muvofiq ular 4- va 5-kursni Rossiyaning Nijniy Novgorod shahrida joylashgan Privoljsk tibbiyot tadqiqot universitetida oʻqib tugatish majburiyatini olganlar.
Hozirda PIMU Oʻzbekistonning 5 ta oliy oʻquv yurti bilan 12 ta hamkorlikdagi dasturni amalga oshirmoqda. Ushbu dasturlar doirasida bugungi kunda 400 dan ortiq Oʻzbekiston fuqarosi PIMU bazasida kunduzgi shaklda oʻqimoqda.
“Ushbu qoʻshma taʼlim dasturlariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha kirish imtihonlari yengillashtirilgan holda amalga oshirilganligi, talabalarni oʻqishini Qozogʻiston Respublikasidagi oliy taʼlim muassasalariga koʻchirish haqidagi turli maʼlumotlar asosga ega emasligini taʼkidlab oʻtamiz”, – deyiladi munosabatda.
Taʼkidlanishicha, Nijniy Novgorod shahri haqida “harbiy holat eʼlon qilingan hudud” degan maʼlumot asossizdir. Rossiya Federatsiyasining mazkur hududida rasmiy tartibda harbiy holat eʼlon qilinmagan. Ushbu shahar universitet bilan ilmiy va taʼlimiy hamkorlik qilayotgan sherik oliy taʼlim muassasalari joylashgan hudud hisoblanadi.
«11-avgust kuni Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori Sh.Boymuradov ushbu qoʻshma taʼlim dasturida tahsil olayotgan har bir talaba va ularning ota-onalari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Uchrashuv davomida talabalarni hamkor «PIMU»da oʻqishni davom ettirish uchun joʻnab ketishi, u yerda yaratilgan shart-sharoitlar va talabalar turar joyi bilan taʼminlash boʻyicha batafsil maʼlumotlar berildi. Dastur ishtirokchilarining asosiy qismi PIMUda taʼlimni davom ettirish istagini bildirib, ulardan aksariyati joʻnab ketishga tayyor ekanligini bildirdi. Faqat ayrim talabalar shartnoma shartlarini buzgan va ataylab yolgʻon maʼlumotlarga tayangan holda, Toshkentda qolishga harakat qilmoqda», – deyiladi rasmiy izohda.
