Andijonda maktabni taʼmirlashga oʻqituvchilarni jalb qilgan direktor ishdan olindi

Andijonda maktabni taʼmirlashga oʻqituvchilarni  jalb qilgan direktor ishdan olindi

Andijon viloyati Marhamat tumanidagi maktablardan birida o’qiutvchilarni «maktab remonti»ga jalb qilgan direktor ishdan olindi. Bu haqda Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’lim boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

 

Ma’lum qilinishicha, Marhamat tumani “Yangi hayot” Mahalla fuqarolar yig’ini o‘ramida joylashgan 42-umumta’lim maktabi 1982-yilda qurilib, 2005-yilda joriy ta’mirlangan. Maktab 2023-yil “Tashabbusli byudjet” loyihasi asosida 1 milliard 200 millionlik qiymatga ega eshik va romlar bilan ta’mirlangan. 2024-yilgi mavsumda 1 milliard 300 million so‘m mablag’lar yutib olinib, sport maydoni qurilgan va maktabning old qismi zamonaviy ko‘rinishga keltirilgan.

 

Hozirda maktabda jami 1 ming 236 nafar o’quvchilarga 74 nafar malakali ustozlar ta’lim-tarbiya berib kelmoqda.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo’lgan videotasvirlardagi holat joriy yilning 2-avgust kuni sodir bo’lib, unda bir guruh pedagoglar tomonidan hashar jarayonlari amalga oshirilayotganligi aks etgan.

 

Maktab jamoasi bilan suhbatda ular tomonidan ushbu hashar ixtiyoriy ravishda amalga oshirilgani ta’kidlansada, ustozlarni o’z lavozim majburiyatidan tashqari ishlarni bajarish holatini nazoratga olmaganligi sababli maktab direktori Z.M egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.