Oliy taʼlim tarixida birinchi marta Xitoyning yetakchi universitetlaridan birining aspiranturasiga odamsimon robot qabul qilindi va bu ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab boʻldi. Bu haqda South China Morning Post (SCMP) xabar bergan.
Xueba (xitoy tilidan tarjima qilinganda “aʼlochi” degan maʼnoni anglatadi) ismli robot Shanxay teatr akademiyasida toʻrt yil davomida teatr, kino va Xitoy operasini oʻrganadigan boʻldi. Shundan soʻng robot boshqa talabalar kabi dissertatsiya yozadi.
Robot tashqi koʻrinishidan boshqa talabalardan unchalik farq qilmaydi. Xueba odamlar bilan muloqot qila oladi va yuz mimikasi orqali his-tuygʻularini ifodalay oladi. Xueba oʻzini “sunʼiy intellektga ega sanʼatkor” deb ataydi.
Voqea ijtimoiy tarmoqlarda keng munozaralarga sabab boʻldi. Baʼzilar xursand boʻldi: ularning fikricha, Xueba inson va robot oʻrtasidagi munosabatlarda muhim vazifani oʻz zimmasiga oladi. Boshqalar esa, aksincha, loyihaga shubha bilan qaradi. Foydalanuvchilardan birining yozishicha, “sanʼatga hayotiy tajriba kerak, robotning algoritm bilan boshqariladigan ijodi esa bunga erisholmaydi”.
“Xitoydagi baʼzi aspirantlar hali ham oyiga 3000 yuandan (420 dollar) kam maosh oladi. Bu robot haqiqiy talabalar uchun moʻljallangan juda koʻp resurslarni olib qoʻymaydimi?”, deb soʻradi boshqasi.
