Xabaringiz bor, joriy yilning 7-iyulidan 7-avgust kuniga qadar navbatdan tashqari kasbiy sertifikatlash sinovlarida qatnashish uchun murojaatlarni yuborish o’tkazilmoqda.
Hukumatning 2024-yil 12-fevraldagi 87-son qaroriga ko’ra, stajyor-o‘qituvchi ishga qabul qilingan vaqtdan boshlab bir yil muddat ichida kasbiy sertifikatga ega bo‘lishi talab etiladi.
Talabgor nazorat sinovlariga Vazirlik tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida jalb etiladi. Kasbiy sertifikatlash jarayoni Vazirlik tomonidan tashkil etiladi, nazorat qilinadi va muvofiqlashtiriladi.
Kasbiy sertifikatlash jarayoniga talabgor o‘z muddatida jalb etilishi uchun u faoliyat ko‘rsatayotgan davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotining rahbari mas’ul hisoblanadi. Talabgor asosiy ish joyi bo‘yicha kasbiy sertifikatlashga jalb etiladi.
Davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida o‘rindoshlik asosida dars beradigan va asosiy ish joyi bo‘yicha pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanmaydigan talabgor o‘rindoshlik asosida faoliyat yuritayotgan ta’lim tashkilotidan kasbiy sertifikatlash jarayonlariga jalb etilishi belgilangan.
Bunda belgilangan muddat davomida kasbiy sertifikatni ola olmaganligi sababli o‘qituvchi sifatida mehnat shartnomasi tuzilmagan yoki pedagoglar attestatsiyasidan o‘ta olmaganligi sababli mehnat shartnomasi bekor qilingan mutaxassis lavozimidagi pedagog kadrlar oxirgi ish joylarini ko‘rsatgan holda ro‘yxatdan o‘tadilar.
Navbatdan tashqari kasbiy sertifikatlash sinovlarida qatnashish uchun murojaatlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilinadi.
Eslatib oʻtamiz: Kasbiy sertifikatlash sinovlarida joriy yilning mart-iyun oylarida oʻtkazilgan kasbiy sertifikatlash sinovlarida yetarli ball toʻplay olmagan (56 dan kam) hamda ishtirok etmagan stajyor-oʻqituvchilar ham hujjat topshirishlari mumkin.
Avvalroq, 2025-yilgi Kasbiy Sertifikatlash uchun nazorat sinovi topshiriqlari spetsifikatsiyasi e’lon qilingani haqida xabar bergan edik.
