Xabaringiz bor, ertaga 1-avgustdan boshlab avgust-dekabr oylarida oʻtkaziladigan pedagog kadrlar attestatsiyasida ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtish va murojaat yuborish boshlanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yilning 17-sentyabrdagi 572-son qaroriga ko’ra, navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydigan pedagog kadrlar o‘z xohishiga ko‘ra navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tishlari mumkin.
Ilgari attestatsiyadan o‘tmagan ishga yangi qabul qilingan pedagog kadrlar yoki oliy ta’lim tashkilotlarini bitirib birinchi bor ishga kirgan pedagog kadrlar kasbiy faoliyatiga uch yil to‘lgandan so‘ng navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘tkaziladi (magistraturani tugatganlar bundan mustasno).
Attestatsiyaga ta’lim tashkilotlarining barcha pedagog kadrlari jalb etiladi. Kasbiy ta’lim tashkilotlarining ishlab chiqarish ta’limi ustalarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilanadi va ularga malaka toifalari beriladi.
Quyidagilar navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydi:
– fan nomzodi, falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) yoki fan doktori (Doctor of Science (DSc) darajasiga hamda Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan berilgan katta ilmiy xodim, dotsent va professor ilmiy unvoniga ega bo‘lgan pedagog kadrlar;
– pedagogik faoliyat bo‘yicha uch yildan kam bo‘lgan ish stajiga ega pedagog kadrlar;
– homilador ayollar, ular homilador bo‘lgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin bir yil davomida;
– homiladorlik va tug‘ish hamda bolani parvarish qilish ta’tillarida bo‘lgan ayollar, ular ta’tilda bo‘lgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin bir yil davomida;
– pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanayotgan uch yoshgacha bolalari bor ayollar;
– uzoq (uch oydan ortiq vaqt mobaynida) davolanishni o‘tayotgan pedagog kadrlar, ular davolanayotgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin olti oy davomida;
– respublika va chet el davlatlariga o‘qishga, qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga yuborilgan pedagog kadrlar, ular chet elda bo‘lgan davrda. Ushbu pedagoglarning malaka toifalari navbatdagi tashkil etiladigan malaka sinovlarigacha saqlanadi;
– ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlar asosida raqobatlasha olmaydigan shaxslar uchun eng kam miqdordagi ish o‘rinlariga zaxiraga olib ishga joylashtirilgan pedagog kadrlar, bu ish joylariga qabul qilingan kundan boshlab uch yil davomida.
Qonunchilik hujjatlariga muvofiq mazkur bandda ko‘rsatilmagan boshqa pedagog kadrlar ham navbatdagi majburiy attestatsiyadan ozod qilinishi mumkin.
Navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydigan pedagog kadrlar o‘z xohishiga ko‘ra navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tishlari mumkin.
Navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydigan pedagog kadrlarning amaldagi malaka toifalari (lavozimlari) saqlanib qoladi hamda ularga ta’lim tashkilotlarida ishlagan davrida mazkur malaka toifasi (lavozimi) bo‘yicha haq to‘lanadi.
O‘z xohishiga ko‘ra navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashib, attestatsiyadan o‘ta olmagan pedagog kadrlarning malaka toifasi (lavozimi) tushirilmaydi hamda ularga navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashishdan oldin amalda bo‘lgan malaka toifasi (lavozimi) bo‘yicha haq to‘lanadi.
