Rossiyada o‘qiyotgan homilador talabalarga davlat tomonidan beriladigan moddiy yordam miqdori oshirilmoqda. Bu haqda “Kommersant” nashri va TASS axborot agentligi rasmiy ravishda xabar berdi.
Endilikda, davlat oliygohlari va kasb-hunar o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan ayollar homiladorlik davrida nafaqat stipendiya, balki yashash uchun yetarli miqdordagi moddiy yordam olishlari mumkin bo‘ladi.
Avvallari homilador talabalarga to‘lanadigan pul miqdori ularning oladigan stipendiyasiga qarab belgilanar edi. Bu esa ko‘p hollarda 9 mingdan 23 ming rublgacha bo‘lgan (taxminan 1,3 mln so‘mdan 3,2 mln so‘mgacha).
Yangi tartibga ko‘ra esa, 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab bu miqdor har bir mintaqaning yashash darajasiga bog‘liq holda qayta hisoblanadi. O‘rtacha miqdor esa 90 ming rubl (taxminan 12,4 million so‘m) atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Yangi to‘lovlar haqida qisqacha:
– Amal qilish sanasi: 2025-yil 1-sentyabrdan.
– Kimlarga: davlat o‘quv yurtlarida o‘qiyotgan homilador talabalarga.
– Miqdor: o‘rtacha 90 ming rubl (taxminan 12 420 000 so‘m – 1 rubl = ~138 so‘m).
– Oldingi tartib: 9 000 – 23 000 rubl (1,2 – 3,2 mln so‘m).
Bu yangilik talabalar orasida ijobiy kutib olindi. Yashash sharoitlari murakkab bo‘lgan, ayniqsa yotoqxonalarda istiqomat qilayotgan talaba ayollar uchun bu katta yordam bo‘ladi.
Qonun hujjati haqida:
Ushbu qaror Rossiya Davlat Dumasi tomonidan tasdiqlangan va Rossiya Federatsiyasi Federatsiya Kengashi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Qonun rasman kuchga kirishidan oldin Rossiya Prezidenti tomonidan imzolanishi kutilmoqda. (TASS manbasi).
