Avvalroq xabar berganimizdek, oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari 14-iyulidan 23-iyuliga qadar tashkil etiladi.
2025-2026-o‘quv yili uchun abituriyentlarni ro‘yxatga olish 5-iyundan 25-iyungacha onlayn tarzda amalga oshirildi. Bu davr mobaynida respublika bo‘yicha jami 671 397 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tdi. Shundan 426 685 nafari (63,6 %) joriy yil bitiruvchilari, 244 712 nafari (36,4 %) esa oldingi yillar bitiruvchilari hisoblanadi. Bu haqda Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova ma’lum qildi.
Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida taqdim etilgan xalqaro sertifikatlar tizimli ravishda ko‘rib chiqildi. Natijada 18 854 ta sertifikat haqiqiy deb topildi va tan olindi. 3 370 ta sertifikat esa belgilangan talabga javob bermagani sababli rad etildi.
Joriy yilda barcha fanlardan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan 678 nafar abituriyent test sinovlaridan ozod qilinib, bevosita tanlov bosqichiga o‘tkazildi. 2024-yilda bunday imkoniyatdan atigi 1 nafar abituriyent foydalangan edi.
