Bugun oliy ta’lim sohasida yangi davr boshlanmoqda. Kirish imtihonlari mavsumi, ayniqsa, magistratura bosqichiga qabul jarayonlari har yili minglab yoshlarni tanlov oldida qo‘yadi: “Qaysi oliygohni tanlash kerak?”, “Qaysi yo‘nalish istiqbolli?”, “O‘qishga kirish muhimmi, yoki munosib o‘qishga kirish muhimroqmi?”
Bu savollar – bugungi zamon talabidir. Chunki endi masala faqat talaba bo‘lishda emas, balki o‘qigan joying, olgan diploming va o‘zlashtirgan tarmog‘ing orqali kim bo‘lishingda.
Endi ball emas, sifat muhim
Yaqin o‘tmishda O‘zbekiston yoshlarining aksariyati oliygoh tanlashda “baland ball”ga tayanar edi. Ya’ni, testda eng yuqori ball talab qiladigan universitet — eng nufuzli oliygoh, deb hisoblanardi. O‘sha yillarda iqtisodiyot, tibbiyot, huquq va filologiya kabi yo‘nalishlar nafaqat eng mashhur, balki “eng murakkab” sohalar sifatida talqin qilinar edi. Shunday ekan, abituriyentlar oliygoh tanlashda bu yo‘nalishlarga kirish uchun qancha ball kerakligi bilan qiziqar, ammo o‘sha universitetda qanday professorlar dars berishi, ilmiy faoliyatning darajasi, xorijiy hamkorlik yoki stajirovka imkoniyatlari haqida deyarli o‘ylashmasdi.
2000–2015 yillar mobaynida bu yondashuv keng tarqalgan edi. Masalan, Toshkent davlat tibbiyot akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti yoki O‘zbekistondagi Jahon tillari universiteti — o‘sha davrda eng yuqori ball bilan talabalarni qabul qilgan oliygohlar qatorida edi. Bularga kirish — muvaffaqiyat belgisi sifatida qaralardi. Biroq ularning o‘quv dasturi qanday, xalqaro reytinglarda o‘rni bormi, talabalarga qanday qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilgan — bu jihatlar e’tibordan chetda qolardi.
Ammo bugun — global axborot va raqobat asrida — bu yondashuv eskirib bormoqda. Endi oliygohga faqat kirish emas, balki qaysi universitet sizga haqiqiy imkoniyatlar, amaliy ko‘nikmalar va global tarmoq taqdim eta oladi, degan savol ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
O’zbekistondagi natijalar
Misol uchun, bugun Toshkentdagi ayrim universitetlarda iqtisod yo‘nalishiga kirish uchun 170 balldan ortiq ball kerak bo‘lishi mumkin. Ammo u yerda na xalqaro almashinuv dasturlari mavjud, na o‘sha sohada yetakchi mutaxassislar dars beradi. Aksincha, nisbatan past ball bilan kirish mumkin bo‘lgan, ammo THE yoki QS reytinglariga kirgan universitetlar — masalan, Toshkent Irrigatsiya va Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti (TIIAME) yoki O‘zbekiston Milliy universiteti — sizga quyidagi imkoniyatlarni taklif etadi: xalqaro darajadagi diplom, Yevropadagi almashinuv dasturlarida qatnashish, yirik ish beruvchilar bilan hamkorlikda loyihalarda ishtirok etish va aynan siz o‘qiyotgan sohada innovatsion faoliyatga jalb etilish.
Universitetni nimasiga qarab tanlash kerak?
Bugungi oliygoh tanlovida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan mezonlar quyidagilardir: grant va stipendiyalar mavjudligi, xalqaro hamkorlik va tan olingan akademik almashinuv dasturlari, “double degree” (ikki diplomli) dasturlar mavjudligi, diplomning xalqaro tan olinishi, fakultetlarning ilmiy tadqiqot salohiyati.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda faol rivojlanayotgan va xalqaro hamkorlikda muvaffaqiyatli ishlayotgan Yangi O‘zbekiston universiteti, TEAM universiteti, Westminster, INHA kabi nisbatan yangi universitetlar aynan shuning uchun yoshlar orasida keng e’tibor qozonmoqda.
Demak, endi universitetni tanlayotganda avvalgidek “eng baland ball” mezoni yetarli emas. Eng muhim savol — bu oliygoh sizga qanday eshiklarni ochadi, qanday imkoniyatlar taqdim etadi? Shu asosda fikrlash — bugungi bilimli, kelajakni o‘ylaydigan yoshlar uchun eng to‘g‘ri strategik yondashuvdir.
