1-avgustdan boshlab 1-sinfga qabul jarayonining 2 bosqichi boshlanadi

1-avgustdan boshlab 1-sinfga qabul jarayonining 2 bosqichi boshlanadi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Toshkent shahrida vaqtinchalik ro‘yxatda turganlar maktabga qabul qilinmayapti” sarlavhasi ostida tarqalayotgan xabarlar tarqaldi. Bu bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot kotibi Dilfuza Sobirova o‘z munosabatini berdi.

 

 

Xabaringiz bor, umumta’lim maktablariga bolalarni 1-sinfga qabul qilish jarayonlari joriy yil 20-iyundan boshlanganini xabar bergan edik.

 

 

Ma’muriy reglamentga ko‘ra, qabul jarayoni 2 bosqich (20-iyundan 1-avgustga qadar biriktirilgan mikrohudud doirasida, 1-avgustdan 15-avgustga qadar mikrohududdan tashqari qabul doirasi) da amalga oshiriladi.

 

 

Ayni vaqtda 1-sinfga qabul bo‘yicha elektron platformalar Ichki ishlar vazirligining “Yashash manzil reyestri” va Adliya vazirligining tegishli elektron tizimlariga integratsiya qilingan hamda shu asosda maktabga biriktirilgan mikrohududda doimiy yashovchi fuqarolarning farzandlari maktabga qabul qilinmoqda.

 

 

Shuningdek, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, o‘quvchilarni maktabga xavfsiz qatnashi uchun ularni yashash manzilidagi maktabga birinchi navbatda qabul qilish, boshqa hududdagi maktablarga qatnashda bolalarning xavfsizligini ta’minlash va tirbandliklarni oldini olishdan iborat.

 

 

1-avgustdan boshlab mikrohududdan tashqari qabul doirasida, shu jumladan vaqtinchalik ro‘yxatga qo‘yilgan fuqarolarning farzandlari ham maktabga qabul qilinadi.

 

‘‘Hurmatli ota-onalar!

Vaqtinchalik ro‘yxatda turgan fuqarolarning farzandlarini maktabga qabul qilishda cheklovlar mavjud emas.

 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, maktab yoshiga yetgan har bir bolaning bilim olish huquqi kafolatlanadi va hech bir bola ta’limga jalb etilmasdan — maktabga joylashmasdan qolmaydi.

 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ushbu qonuniy talablardan kelib chiqqan holda, bolalarning bilim olish va maktabga jalb etishda birdek mas’ul va manfaatdordir.

 

Ota-onalardan farzandlarini joriy yil 31-iyulga qadar doimiy yashash manzili bo‘yicha maktabga joylashtirishlarini so‘ragan holda, 1-avgustdan e’tiboran mikrohududdan tashqari maktablarga berish imkoniyati borligini eslatib o‘tamiz’’, — deyiladi munosabatda.

 

 

Ma’lumot uchun: joriy o‘quv yilida 738 ming nafar bola birinchi sinfga qabul qilinishi rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-sinfiga 512 ming nafardan ortiq bolalar qabul qilingan.