Birlashgan Arab Amirliklari hukumati sun’iy intellektni (SI) barcha ta’lim bosqichlarida majburiy o’quv dasturiga kiritishni qaror qildi. Bu haqda The Moscow Times manbaga tayanib xabar berdi.
Bu qaror maktabgacha ta’limdan tortib 12-sinfgacha amal qiladi. Yangi fanni kelgusi o’quv yilidan boshlab mamlakatdagi barcha davlat ta’lim muassasalarida o’qitish boshlanishi haqida ma’lum qilingan. Ushbu reja haqida BAA Bosh vaziri va vitse-prezidenti Shayx Muhammad bin Rashid Al Maktum o‘zining X ijtimoiy tarmog‘i sahifasida xabar bergan.
U ushbu tashabbusni Amirliklarining uzoq muddatli strategiyasining bir qismi sifatida, yosh avlodni kelajakdagi texnologik dunyoga tayyorlash maqsadida amalga oshirilayotganini ta’kidlagan.
«Bizning maqsadimiz — bolalarga sun’iy intellektning faqat texnik jihatlarini emas, balki ushbu texnologiya bilan bog’liq axloqiy masalalarni ham tushuntirishdir. Biz ular uchun ma’lumotlar, algoritmlar, ilovalar, SI ning ijtimoiy va kundalik hayotga ta’siri, xavflarini va uning ta’sirini tahlil qilishni xohlaymiz», — dedi Shayx Muhammad.
Khaleej Times ma’lumotiga ko’ra, BAA Ta’lim vaziri Sara bint Yusuf Al Amiri, o’z navbatida, yangi o’quv dasturida asosiy yo’nalishlar, jumladan sun’iy intellektning asosiy tushunchalari, ma’lumotlar va algoritmlar bilan ishlash, dasturiy ta’minotlarni qo’llash, SI sohasidagi axloqiy masalalar, texnologiyalarni amaliy qo’llash, innovatsiyalar va SI yordamida loyihalash, sun’iy intellekt siyosati, texnologik rivojlanish bilan bog’liq ijtimoiy tashabbuslar bo’yicha darslar o’rganilishini qayd etgan.
Vazir shuningdek, o’qituvchilarga to’liq metodik yordam ko’rsatilishini va’da qilgan. Ya’ni ularga tayyor dars rejalari, shablonlar, vazifalar va turli ta’lim formatlariga moslashtirilishi mumkin bo’lgan vositalar taqdim etiladi.
«Bizning mas’uliyatimiz — bolalarni o’z zamonimizdan farqli bo’lgan davrga tayyorlashdir. Ularni kelajakdagi o’n yilliklarda mamlakatning barqaror rivojlanishi va taraqqiyoti uchun zarur bo’lgan ko’nikmalar bilan ta’minlashimiz kerak», — deb yozgan Shayx Muhammad o’z murojaatida.
2024-yili Dubay merining vorisi Shayx Xamdan bin Muhammad sun’iy intellekt sohasida malakaga ega bo’lgan o’qituvchilarni OAA maktab tizimiga kiritish to’g’risida e’lon qilgan edi.
Shu bilan birga, o’qituvchilarni sun’iy intellektni va uning amaliy imkoniyatlarini qo’llash bo’yicha keng qamrovli o’quv dasturi ishga tushirilgan. Ushbu choralar DUB.AI sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda.

