Maktabda bolalarning kaltaklanishiga yoʻl qoʻygan masʼullar ishdan olindi

Maktabda bolalarning kaltaklanishiga yoʻl qoʻygan masʼullar ishdan olindi

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahridagi 34-umumtaʼlim maktabida 4-sinf oʻquvchilaridan birining otasi sinf xonasiga kirib, bolalarni kaltaklagani va bu holatga sinf rahbar tomoshabin boʻlib qarab turgani aks etgan video tarqaldi.

 

Qayd etilishicha, holat joriy yilning 30-aprel kuni 4 -“b” sinfda sodir boʻlgan. Shu kuni sinf oʻquvchilari koʻchada oʻzaro janjallashib qolgan va bolalardan biri oʻrtogʻining otasiga qoʻngʻiroq qilib, uning oʻgʻlini urishganini aytgan. Ota shu zahoti sinf xonasiga kelib, oʻgʻlini urgan bolalarni boshqalarning oldida kaltaklay boshlagan.

 

Maktab rahbariyati tomonidan otaning noqonuniy xatti-harakati boʻyicha huquq-tartibot idoralariga rasmiy murojaat qilingan.

 

Begona shaxsni maktabga bemalol kirishiga yoʻl qoʻygan maktab qorovuli va oʻz xizmat vazifasiga nisbatan masʼuliyatsizlik bilan yondashgan maktab direktori bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

 

Sinf rahbari va maktab direktorining tegishli o‘rinbosarlari faoliyatini o‘rganish maqsadida ayni paytda xizmat tekshiruvi amalga oshirilmoqda. Tekshiruv natijalari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berilishi aytildi.